Texnologiyalar
11 oktabr
views2K

Pullik SMS-obunalardan qanday himoyalanish mumkin?

So‘nggi paytlarda mobil operatorlar bilan bog‘liq muammo ko‘pchilikda xavotir uyg‘otmoqda — abonentlar o‘z xabarisiz pullik SMS-servislarga obuna qilinib, har kuni mablag‘laridan ayrilayotganini sezmay qolishmoqda. Ko‘pincha ular bu haqida faqat xarajatlar tafsilotlarini tekshirgachgina bilishadi. Quyida pullik SMS-obunalar va ulardan himoyalanish usullari haqida so‘z yuritamiz.
article-image

Foto: 24tv.ua

SMS-obunalarni o'chirish

Muammo qanday aniqlanadi?

Ko‘plab foydalanuvchilar o‘z roziligisiz pullik SMS-servislarga ulanishganini, faqat mablag‘lari yechilgandan so‘ng bilib qolishadi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlarda aytilishicha, bir abonent xarajatlar tafsilotlarini tekshirgach, har kuni 1000 so‘mdan ortiq mablag‘ning yechib ketayotganini payqab qolgan. Eng yomoni, bu SMS-lar telefonida umuman ko‘rinmagan.

Ba’zida foydalanuvchilar kutilmagan yuqori hisob-kitoblar bilan duch kelishadi. Masalan, Uzmobile abonenti operatorning rasmiy ilovasidan foydalanib, xarajatlarni ko‘rib chiqqanida, har kuni 2069 so‘m yechilganini ko‘rib qolgan. Bir oyda bu summa 60 ming so‘mdan oshib ketgan.

Ushbu xarajatlar avval operator bilan kelishilmagan va abonent oldindan ogohlantirilmagan.

Afsuski, ko‘plab foydalanuvchilar operatorlarga murojaat qilganida, qoniqarli javob olisholmaydi. Operatorlar odatda bunday holatlar uchun "o‘zingiz ulagan bo‘lishingiz mumkin" kabi tushuntirishlar berishadi, bu esa muammoni hal qilmaydi. 

Yoqilgan pullik xizmatlarni tekshirish

Ko‘plab foydalanuvchilar kutilmagan pullik xizmatlarga ulanishdan saqlanish uchun hisobida faqat tarif rejasiga yetarli miqdorda pul qoldirish usulini qo‘llashadi.

Bundan tashqari, xarajatlaringizni muntazam ravishda shaxsiy kabinet yoki operator ilovasi orqali tekshirib borishni odat qiling. Misol uchun, Uzmobile (Uztelecom) operatorida barcha xarajatlarni shaxsiy kabinet yoki rasmiy ilova orqali kuzatib borish mumkin.

Boshqa operatorlarda faol xizmatlarni tekshirish uchun maxsus USSD kodlar mavjud:

  • Mobiuz: *140#
  • Beeline: *110*09#
  • Ucell: *401#

Ular orqali pullik xizmatlarning ulangan-ulanmaganligini aniqlay olasiz

Pullik xizmatlarni o'chirish

Har bir mobil operator o‘z abonentlariga pullik xizmatlarni o‘chirish uchun turli usullarni taklif etadi:

  • Uzmobile: *199# USSD kodini terib, barcha kontent xizmatlarini to‘xtating. Shuningdek, STOP1 buyrug‘ini qisqa raqamga SMS orqali yuborib ham xizmatlarni o‘chirishingiz mumkin.
  • Mobiuz: 4252 qisqa raqamiga 1 raqamini SMS orqali yuboring.
  • Beeline: *115# maxsus kodini tering.
  • Ucell: *350# USSD kodini tering.

Agar yuqoridagi usullar yordam bermasa yoki operatoringizning qo‘llab-quvvatlash xizmati sizga yordam bera olmasa, raqamingizni saqlagan holda boshqa operatorga o‘tishni ko‘rib chiqishingiz mumkin. 

Mobil raqamni qanday qilib ko'chirish mumkin?
Fikr qoldiring
Barcha sharhlar chop etilishidan oldin moderatsiyadan o'tadi