Elektr energiya xarajatlarni endi mobil ilovada batafsil ko‘rish mumkin
"Hududiy elektr tarmoqlari" matbuot xizmati integrator Uzinfocom tomonidan ishlab chiqilgan yangi HET Billing Mobile mobil ilovasining ishga tushirilishini e'lon qildi. Ushbu ilova abonentlarga onlayn rejimda foydalanilgan elektr energiyasini hisoblash, kundalik iste'molni kuzatish, to'lovlar va hisob balansiga oid ma'lumotlarni olish hamda boshqa foydali ma'lumotlarni olish imkonini beradi.
Ilovani Android platformasi uchun Google Play (6.0 yoki undan yuqori versiya talab qilinadi) va iOS platformasi uchun App Store (iOS 12.0 yoki undan yuqori versiya talab qilinadi) orqali yuklab olish mumkin.
HET Billing tizimi 7-avgustdan ish boshladi. Iste'molchilar real vaqt rejimida balansni, kunlik iste'molni kuzatish va onlayn to'lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Dastlab tizimni to'liq ishga tushirish 5-avgustga rejalashtirilgan edi, biroq "Hududiy elektr tarmoqlari"ning bayonotiga ko'ra, bir qator texnik jarayonlar sababli ishga tushirish ko'proq vaqt talab qildi.
Hududiy elektr tarmoqlari birinchi o'rinbosari Alvar Gaybullaevning ma'lum qilishicha, aholi uchun elektr energiyasini hisoblashning yangi tizimini joriy etish ishlari 1-avgustda boshlangan. Ushbu zamonaviy billing tizimi uchun texnik shartlar 2022-yil oxirida ishlab chiqilgan edi, ammo uning to'liq ishga tushirilishi uchun barcha abonentlarni "aqlli" hisoblagichlar bilan ta'minlash zarur.
HET Billing Mobile elektr energiyasi uchun nazorat va to'lov jarayonini soddalashtirishga, iste'molchilarga o'z energiya iste'molini boshqarish uchun qulay vosita taqdim etishga qaratilgan.