O'zbekiston
18 sentabr
views17K

Bir oylik harbiy xizmat narxi va shartlari 2024 yilda qanday?

O‘zbekistonda mudofaa qobiliyatini oshirish maqsadida bir oylik harbiy xizmat joriy etilgan. Quyida, ushbu xizmatga kimlar chaqirilishi, bir oylik va yillik xizmatlar o‘rtasidagi farqlar hamda to‘lov miqdori haqida ma'lumot taqdim etamiz.
article-image

Foto: advice.uz

Bir oylik harbiy xizmat narxi

Bir oylik harbiy xizmat narxi eng kam ish haqining 7 barobarini tashkil etadi. 2024-yil 1-oktyabrdan bu to‘lov 8 085 000 so‘m bo‘ladi (1-oktyabrdan eng kam ish haqi 1 155 000 so‘m). Xizmatni o‘tamoqchi bo‘lgan fuqaro bu badalni Xalq banki orqali Mudofaa vazirligining maxsus hisobiga to‘lashi lozim. To‘lovni bir martada yoki bo‘lib-bo‘lib, naqd pul, bank o‘tkazmasi yoki plastik kartalar orqali to‘lash mumkin.

To‘lov xizmatdan oldin yoki xizmatdan keyin bir yil ichida amalga oshiriladi. Agar keyingi to‘lov vaqtida eng kam ish haqi o‘zgarsa, qolgan to‘lov yangi miqdorga muvofiq qayta hisoblanadi.

Bir oylik harbiy xizmat shartnomasi qanday imzolanadi?

  • Harbiy xizmat bo'limiga tashrif: Chaqiruv qog‘ozi yoki qo‘ng‘iroq orqali harbiy xizmat bo'limiga (voenkomatga) kelish taklif qilinganidan so‘ng, belgilangan kunda bo'limga tashrif buyurasiz. U yerda sizga xizmat shartlari tushuntiriladi va shartnoma imzolash taklif etiladi.

  • Tibbiy ko‘rik: Shartnoma imzolanganidan keyin, xizmatga qabul qilinishingiz uchun tibbiy komissiyadan o‘tishingiz va qon guruhingizni aniqlatishingiz zarur.

  • To‘lov: So‘ngra, bankka borib, shartnomada korsatilgan hisob raqamga tolov amalga oshirasiz. Ayrim hollarda to‘lov uchun kvitansiya berilishi mumkin, bu siz yashayotgan hududga bog‘liq. To‘lovni oldindan amalga oshirgan bo‘lsangiz, 30 yoshgacha istalgan vaqtda xizmatni boshlash imkoniga ega bo‘lasiz.

  • Chaqiruv va vaqtni tanlash: Harbiy xizmat bo'limi tomonidan belgilangan kunda sizni xizmatga chaqiradilar. Agar talaba bo‘lsangiz, o‘zingiz uchun qulay vaqtni tanlashingiz, masalan, ta’til paytida yoki o‘qishni tugatgandan so‘ng, xizmatni boshlashingiz mumkin.

  • Chaqiruvga nima olib borish kerak: Shaxsiy gigiyena vositalari, masalan, tish cho'tkasi va sochiq olib kelish tavsiya etiladi. Xizmatni o‘taganlar zaruriy xaridlar uchun naqd pul olishni ham maslahat berishadi. Asosiy va ichki kiyim-kechaklar joyida beriladi.

Kimlar bir oylik harbiy xizmatga chaqiriladi?

Bir oylik xizmat — safarbarlik chaqiruv rezervi asosida zaxiradagi kuchlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan. Harbiy xizmatga yaroqli yoki qisman yaroqli, lekin chaqiruvdan ozod etilmagan va navbatdagi chaqiruvda olinmagan fuqarolar safarbarlik zaxirasiga kiritiladi. Ya'ni, yillik xizmatga yaroqsiz, ammo cheklovlar bilan yaroqli deb topilgan fuqarolar ham ushbu bir oylik xizmatga chaqiriladi.

Mudofaa vazirining 2024-yil 5-sentyabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, shartnoma asosidagi xizmatga chaqiruv jarayonida quyidagi fuqarolar ishtirok etishi mumkin:

  • 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma’lumotga ega shaxslar;
  • Ilgari shartnoma asosida xizmat qilgan 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar;
  • 40 yoshgacha bo‘lgan ofitserlar, zaxirada bo‘lgan shaxslar (Nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibida xizmat qilgan yoki hozirgi kunda xizmatda bo‘lishi, safarbarlik chaqiruvi rezervida qatnashgan yoki oliy o‘quv yurtlarining harbiy kafedralarida tahsil olgan bo‘lishi talab qilinadi.).

Shuningdek, avval Respublika va xalqaro musobaqa g‘oliblari ilgari faqat tibbiy ko‘rik orqali harbiy xizmatga qabul qilinardi. Endi esa, bu imtiyoz muddati 5 yildan 3 yilga qisqartirildi.

Bir oylik xizmat qayerda va necha kun o‘taladi?

Taqsimot hududiy prinsip asosida amalga oshiriladi, ya'ni chaqiriluvchilar yashash joylariga yaqin bo‘lgan harbiy qismlarga taqsimlanadi. Harbiy xizmatni o‘tash joyini mustaqil tanlash imkoni mavjud emas. Askarlar belgilangan qismlarda 28 kun to‘liq xizmat qiladi.

Bir oylik xizmat yillik xizmatdan qanday farq qiladi?

Bir oylik xizmat yillik xizmatdan bir qator parametrlarga ko‘ra sezilarli darajada farq qiladi:

  • Davomiyligi: Bir oylik xizmat, nomidan ko‘rinib turibdiki, bir oy davom etadi, yillik xizmat esa butun yil davomida bo‘ladi.
  • Maqsadi: Bir oylik xizmat zaxiradagi harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan, yillik xizmat esa professional harbiylarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.
  • Joylashuvi: Bir oylik xizmatda odatda askar o‘z yashash hududida xizmat qiladi, yillik xizmatda esa askarni boshqa viloyat yoki hududlarga yuborishlari mumkin. 

Harbiy guvohnomada esa deyarli farq yo‘q. Faqatgina xizmat muddati qayd etiladi — bir oy yoki bir yil. 

Kimlar harbiy xizmatga chaqiruvdan ozod qilinadi?

Qonunning 22-moddasida muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezerviga chaqirilishdan ozod qilinish tartibi belgilangan:

  • Salomatligi tufayli harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan shaxslar;
  • Yaqin qarindoshlaridan biri (aka-uka, opa-singil) harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan yoki vafot etgan shaxslar;
  • Ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotlardan birida diniy rutba egasi bo‘lgan shaxslar.

Shuningdek, jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki sudlanganligi tugallanmagan fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilmaydi.

Harbiy xizmatga bormasa bo‘ladimi?

Agar fuqaro chaqiruv qog‘ozi olgan bo‘lsa va xizmatga bormasa, dastlab ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 237-moddasiga ko‘ra, 5 BHM (bazaviy hisoblash miqdori) gacha jarima miqdori qo‘llaniladi. Agar fuqaro ma'muriy jarima qo‘llanganidan keyin bir yil ichida yana armiyaga bormasa, unda jinoiy javobgarlik qo‘llaniladi. Jinoyat kodeksining 225-moddasiga ko‘ra, bunday holatlarda jarima miqdori 50 BHMgacha yetishi yoki 2 yilgacha tuzatish ishlari tayinlanishi mumkin.

Bazaviy hisoblash miqdori konverteri
BHM

Harbiy xizmatni o‘tash uchun to‘langan pullar nimaga sarflanadi?

Safarbarlik chaqiruvi rezervi badallarining miqdori va to‘lash tartibi Prezident tomonidan tasdiqlangan nizomga binoan belgilanadi. Ushbu mablag‘lar asosan quyidagilarga sarflanadi:

  • Safarbarlik chaqiruvi rezervi yig‘inlari xarajatlari;
  • Muddatli harbiy xizmatni tugatganlarga nafaqa to‘lovi;
  • Yig‘inlar boshqaruvini ta’minlash;
  • Mudofaa vazirligi binolarini ta’mirlash va qurilish ishlari;
  • Qurol-yarog‘ va texnika xaridlari.
Bir oylik harbiy xizmatni o'taganmisiz? Qanday o'tgan?
Barcha sharhlar chop etilishidan oldin moderatsiyadan o'tadi