“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 7-avgust kuni yangi “HET BILLING” dasturiy kompleksi to‘liq ishga tushirilganligini ma’lum qilgan edi.
Bu tizim orqali iste’molchilar bevosita o‘zi iste’mol qilgan elektr energiyasi hisobi, xususan, to‘lov ma’lumotlari, kunlik elektr energiya iste’moli va boshqa har qanday ma’lumotni onlayn tarzda kuzatib borishi, shuningdek onlayn to‘lovlarni amalga oshirish imkoni yaratildi.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilar tomonidan tizim ishlamayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati tizimdan foydalanishda balans ma’lumotlarida xatoliklar kuzatilayotganini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, bu yangi dasturiy kompleks va boshqa to‘lov tizimlari o‘rtasida ma’lumotlarni yangilash ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq.
Shu sababli balans ma’lumotlarini “Hududiy elektr tarmoqlari"ning “Shaxsiy kabineti” orqali kuzatish tavsiya etilmoqda.
Ta'kidlanishicha, to‘lov tizimlari bilan olib borilayotgan texnik yangilanishlar “tez fursatlarda” o‘z yakuniga yetadi.