Taksi haydovchilari qancha pul topadi?
Keling, O‘zbekistonda taksi haydovchilari qancha daromad topishini va Yandex, Uklon, My Taxi hamda Millennium xizmatlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rib chiqamiz.
Yandex Taxi
Haydovchi Yandex kompaniyasida ish boshlash uchun uning hamkorlarining birida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Bu jarayon hamkorlarning rasmiy saytida yoki telegram kanalida onlayn amalga oshiriladi. Barcha zarur hujjatlar onlayn yuklanadi.
Yandex taksistlari qancha pul topadi?
Daromad miqdori haydovchining qancha vaqt ishlashi va qancha masofa bosib o‘tganiga qarab farqlanadi. Yandex Taxi haydovchilari hamkor saytlaridagi kalkulyatorlar orqali daromadlarini oldindan hisoblashlari mumkin.
Masalan, quyida bir haftada 6 kun, kuniga 8 soat ishlagan haydovchi taxminan 1 872 000 so‘m daromad topishi hisoblangan:
Yandex kompaniyasida kilometr uchun belgilangan qat’iy narx mavjud emas. Safar narxi avtomatik ravishda hisobga olinadigan maxsus Yandex algoritmi bo'yicha aniqlanadi. Narx bir necha omillardan kelib chiqadi tarif, taksi buyurtma qilishni xohlaganlar soni va hududdagi bo'sh mashinalar soni, shuningdek, masofa, safar davomiyligi va qo'shimcha xizmatlar, masalan, velosiped yoki uy hayvonini tashish.
Lekin kompaniya belgilangan narxlar ma'lum chegara doirasidan oshmasligini talab qiladi:
Xizmat nomi | Start | Komfort | Komfort+ |
Minimal to‘lov | 4100 so‘m | 5200 so‘m | 8500 so‘m |
Bepul kutish | 3 daqiqa | 3 daqiqa | 3 daqiqa |
Pullik kutish | 550 so‘m/daqiqa | 600 so‘m/daqiqa | 650 so‘m/daqiqa |
Yo‘l haqi (shahar ichida) | 970 so‘m/km | 1250 so‘m/km | 2120 so‘m/daqiqa |
Yo‘l haqi (shahar tashqarisida) | 2200 so‘m/km | 2700 so‘m/km | 5700 so‘m/daqiqa |
Vaqt haqi | 415 so‘m/daqiqa | 520 so‘m/daqiqa | 590 so‘m/daqiqa |
Uy hayvonlarini tashish | 3700 so‘m | 4000 so‘m | 5000 so‘m |
Tahlil va so‘rovlarimizga ko‘ra, Yandex xizmatining "Komfort" tarifida kunlik daromad miqdori quyidagicha:*
- Minimal: 200 ming so'm.
- O'rtacha: 300-400 ming so'm.
- Maksimal: 500 ming so'm.
To‘lovlarni yechib olish: Buyurtma amalga oshirilgach, to‘lovlarni taksoparklarning Telegram-botlari orqali komissiyasiz yechib olish mumkin.
Daromadning o‘rtacha 2% taksoparkka va 15% Yandex agregatorga sarflanadi.
*Ushbu narxlar aniq ko'rsatkich emas. Ular kuniga 10-16 soatlik ish va 200-300 km dan ortiq masofa bosib o'tish asosida, taksistlarning kuzatuvlariga tayanib hisoblangan.
Bonuslar va jarimalar
- Bonuslar: Yandex va taksoparklar tomonidan haydovchilar uchun bonuslar taqdim etiladi. Misol uchun:
- Shahar bo‘yicha bonuslar: Ma’lum hududlarda amal qiladi. Safar narxi past bo‘lsa, farq balansga tushiriladi yoki belgilangan foizli mukofot hisoblanadi. Pik soatlarda va belgilangan hududlarda qo‘shimcha bonuslar mavjud bo‘ladi.
- Premium tarifida haydovchilar 8 soat davomida qabul qilingan buyurtmalar sonidan qat’i nazar, 1 million so‘m to‘lov olish imkoniyatiga ega.
- Jarimalar: Barcha xizmatlarda haydovchilar kompaniya qoidalariga rioya qilmagan taqdirda, shtraflar qo‘llaniladi.
Maxsus shartlar va talablar
Tizimning maxsus shartlari mavjud:
- Reyting tizimi: Haydovchining reytingi buyurtmalar olishda va xizmat narxini baholashda asosiy jihat hisoblanadi. Reyting so‘nggi 150 ta safar asosida hisoblanadi.
- Avtomobil holati: Mashinaning tashqi va ichki tozaligi doimiy ravishda nazorat qilinadi. Har bir tarif uchun qo‘shimcha talablar mavjud:
- Ekonom: Mashina toza, konditsioneri soz bo‘lishi kerak. Reyting kamida 4.5 bo‘lishi talab qilinadi.
- Komfort: Mashina begona hidlarsiz va doimo toza bo‘lishi zarur. Reyting kamida 4.8 bo‘lishi, haydovchi “Siz” deb murojaat qilishi lozim.
- Komfort+: Mashina zaryadlash qurilmalari bilan jihozlangan, doimo toza bo‘lishi kerak. Reyting kamida 4.8 bo‘lishi va haydovchi maxsus testdan o‘tishi talab qilinadi.
- Elektro: Tarif uchun mos keluvchi avtomobillarning maxsus ro‘yxati mavjud.
- Premier: Avtomobillar yuqori standartlarga javob berishi, reklamali bannersiz va zamonaviy bo‘lishi kerak. Reyting kamida 4.85 bo‘lishi zarur. Shuningdek, tarif uchun mos keluvchi avtomobillarning maxsus ro‘yxati mavjud.
Ish grafigi va buyurtmalar: Yandex va boshqa xizmatlarda haydovchilar uchun qat’iy grafik yo‘q. Minimal buyurtma miqdori ham belgilanmagan.
Uklon Taxi
Uklon Taxi xizmatida ham haydovchi bo‘lish telegram-bot orqali yoki rasmiy sayt orqali ro‘yxatdan o‘tiladi.
Uklon taksistlari qancha pul topadi?
Uklon Taxi xizmatining narxlari yuqoriroq:
Tarif | Lite | Standart | Komfort |
Minimal to‘lov | 5500 so‘m | 6000 so‘m | 7500 so‘m |
Bepul kutish | 3 daqiqa | 3 daqiqa | 3 daqiqa |
Pullik kutish | 500 so‘m/daqiqa | 550 so‘m/daqiqa | 600 so‘m/daqiqa |
To‘lovga kiritilgan km | 1 km | 1 km | 1 km |
Yo‘l haqi (shahar ichida) | 1500 | 1600 | 1750 |
Yo‘l haqi (shahar tashqarisida) | 2300 | 2700 | 2900 |
Tahlil va so‘rovlarimizga ko‘ra, "Komfort" tarifida kunlik daromad miqdori quyidagicha:
- Minimal: 250 ming so‘m.
- O‘rtacha: 350 –450 ming so‘m.
- Maksimal: 500 ming so‘m.
To‘lovlarni yechib olish: Haydovchilar o‘z kartalarini ilovaga ulab, daromadni istalgan vaqtda yechib olishlari mumkin.
Bonuslar
- Bonuslar: Tirband soatlarda har bir bajarilgan buyurtma uchun tarifga qarab qo‘shimcha 3 000 dan 9 000 so‘mgacha bonus beriladi.
- Haydovchilar belgilangan miqdordagi safarlarni amalga oshirgan taqdirda, qo‘shimcha bonuslar beriladi:
- 7 ta safar uchun — 15 000 so‘m;
- 12 ta safar uchun — 35 000 so‘m;
- 17 ta safar uchun — 75 000 so‘m.
Uklon Taxi xizmatida haydovchilar uchun daromad Yandex Taxi bilan solishtirganda yuqoriroq, bonus tizimi ham daromadni oshirishga yordam beradi. Ammo haydovchilar Google Maps asosidagi navigatsiya tizimining qulay emasligi va buyurtmalar soni Yandex Taxi bilan solishtirganda kamroq ekanligini ta'kidlaydilar.
MyTaxi
MyTaxi xizmatida haydovchi bo‘lish uchun saytda anketa to‘ldiriladi yoki ofisga tashrif buyuriladi.
My Taxi taksistlari qancha pul topadi?
MyTaxi xizmatida tariflarning narxi o‘ziga xos bo‘lib, har bir tarifning boshlang‘ich narxi 24 000 so‘mdan boshlanadi.
Tahlil va so‘rovlarimizga ko‘ra, "Komfort" tarifida kunlik daromad miqdori quyidagicha bo'lishi mumkin:
- Minimal: 250 ming so‘m.
- O‘rtacha: 350 –450 ming so‘m.
- Maksimal: 500 ming so‘m.
To‘lovlarni yechib olish: Haydovchilar ilovaga o‘z bank kartalarini ulashlari mumkin. Buyurtma tugashi bilan daromad to‘g‘ridan-to‘g‘ri kartaga tushadi.
Bonus tizimi yo‘q.
Maxsus shartlar va talablar
Ro‘yxatdan o‘tishda ba’zi tariflar uchun ofisga kelib, suxbatdan o‘tish kerak:
- “Ekonom” va “Yetkazib berish” tariflari uchun telegram orqali intervyu o‘tkaziladi. Boshqa tariflarda intervyu ofisda amalga oshiriladi.
- "Komfort" tarifiga ulanmoqchi bo‘lganlar Toshkent davlat raqam belgisidagi mashinalar bilan ulanish shaxobchasiga tashrif buyurishlari kerak. Boshqa viloyatlardagi haydovchilar Toshkentdagi ofisga kelishlari zarur.
MyTaxi xizmatida ham buyurtmalar narxi Yandex Taxi bilan solishtirganda yuqoriroq. Korporativ mijozlarning ko‘pligi ham buyurtmalar barqarorligini oshiradi. Shuningdek, xizmatda katta masofalarga mo‘ljallangan buyurtmalar ko‘proq uchrab turadi.
Biroq, MyTaxi xizmatida mijozlar soni Yandex Taxi xizmatiga qaraganda ancha kam bo‘lganligi sababli, haydovchilar ba'zida buyurtma olish uchun yarim soatgacha kutishga majbur bo‘lishadi. Taksistlar bir vaqtning o‘zida boshqa agregatorlarga ulanib, buyurtmalar kam bo‘lganda ulardan foydalanadi. Kunlik daromad miqdori ham shu omillarga asoslangan.
Millenium
Millennium Taxi xizmati premium-sinfdagi xizmatlar qatoriga kiradi, ularning asosiy mijozlar bazasi shahar markazida joylashgan. Millennium Taxi xizmatiga onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yo‘q, haydovchilar ofisga borishlari shart.
Millenium taksistlari qancha pul topadi?
Quyida Millennium Taxi ximzatidagi tariflar bo‘yicha narxlar keltirilgan:
Tarif | Avtomobil kelishi | 1 km narxi | Shahar tashqarida | Kutish daqiqalarining narxi | Bepul |
Yetkazib berish | 8 000 so'm | 2 000 so'm | 2 800 so'm | 700 so'm | 1 km va 3 daqiqa |
Ekonom | 5 000 so'm | 2 000 so'm | 2 800 so'm | 700 so'm | 1 km va 3 daqiqa |
Komfort | 7 000 so'm | 2 200 so'm | 3 000 so'm | 800 so'm | 1 km va 3 daqiqa |
Biznes | 20 000 so'm | 3 100 so'm | 5 000 so'm | 1 200 so'm | 1 km va 3 daqiqa |
Biznes Eko | 30 000 so'm | 3 500 so'm | 5 500 so'm | 1 500 so'm | 1 km va 3 daqiqa |
Miniven | 200 000 so'm | 4 500 so'm | 5 500 so'm | 1 500 so'm | 5 km va 20 daqiqa |
Mashina haydab kelish | 60 000 so'm | 3 500 so'm | 4 500 so'm | 700 so'm | 1 km va 3 daqiqa |
Yuk mashinasi 2m | 50 000 so'm | 4 000 so'm | 5 500 so'm | 1 300 so'm | 5 km va 20 daqiqa |
Yuk mashinasi 3m | 70 000 so'm | 5 000 so'm | 6 000 so'm | 1 500 so'm | 5 km va 20 daqiqa |
Yuk mashinasi 5m | 150 000 so'm | 5 000 so'm | 6 000 so'm | 1 500 so'm | 5 km va 20 daqiqa |
Prikurivatel | 30 000 so'm | 2 000 so'm | 2 500 so'm | 600 so'm | 1 km va 3 daqiqa |
Tahlil va so‘rovlarimizga ko‘ra, "Komfort" tarifida kunlik daromad miqdori quyidagicha:
- Minimal: 300-350 ming so‘m.
- O‘rtacha: 400 –450 ming so‘m.
- Maksimal: 600 ming so‘m.
To‘lovlarni yechib olish: Haydovchilar safar tugagach, Telegram bot orqali o‘z daromadlarini oladilar.
Bonus tizimi yo‘q.
Maxsus shartlar va talablar
Ko‘rinish va avtomobil talablari:
- Haydovchining avtomobili toza va yuqori sifatda bo‘lishi zarur. Avtomobilning tashqi va ichki tozaligi muntazam nazorat qilinadi.
- Rus va o‘zbek tillarini bilish haydovchilar uchun zarur, chunki mijozlarning katta qismi rus tilida muloqot qiladi.
Xulosa
Turli taksi xizmatlari o‘ziga xos afzalliklar va shartlarni taklif etadi:
- Yandex Taxi xizmatida buyurtmalar soni ko‘proq va ish grafigi juda moslashuvchan, lekin daromad safarlarning algoritm asosida hisoblanishi tufayli o‘zgaruvchan bo‘ladi. Shuningdek, bu xizmatda bonus tizimi ham mavjud.
- Uklon Taxi narxlari nisbatan yuqoriroq bo‘lib, bonus tizimi orqali daromadni oshirish mumkin. Biroq, buyurtmalar soni Yandex Taxi bilan solishtirganda kamroq.
- MyTaxi yuqori narxlar va uzoq safarlar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, mijozlar soni kamroq va buyurtmalar o‘rtasida uzoq vaqt kutish kerak.
- Millennium Taxi esa premium xizmatlarni taklif etib, yuqori daromad olish imkonini beradi, lekin asosan Toshkentda shahar markazida ishlaydi va buyurtmalar soni boshqa xizmatlarga qaraganda pastroq.
Haydovchilar o‘z ehtiyojlariga qarab xizmat tanlashda buyurtmalar soni, tariflar miqdori va bonus tizimlarini diqqat bilan tahlil qilib, o‘zlari uchun eng maqbul variantni tanlashlari lozim.