«Aviasales.uz»: O‘zbekistonlik ayollarning 15 foizi yolg‘iz sayohat qilishni xohlaydi
O‘zbekistonlik ayollarning 15 foizi kelajakda yolg‘iz sayohat qilishni xohlashini bildirgan. Bu haqda Aviasales.uz foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarida aytiladi.
So‘rovga ko‘ra, ayollarning 72 foizi allaqachon mustaqil sayohat qilib ko‘rgan. Yana 15 foizi hali bunday tajribaga ega emas, ammo sinab ko‘rishni xohlaydi. Atigi 7 foiz respondent ayollar hamrohsiz sayohat qilmaganini va buni rejalashtirmayotganini aytgan.
Umuman olganda, O‘zbekistondagi Aviasales.uz foydalanuvchilari orasida yolg‘iz safarlar keng tarqalgan — respondentlarning 81 foizi kamida bir marta hamrohsiz sayohat qilganini aytgan. Erkaklar orasida bu ko‘rsatkich yuqoriroq: ularning 86 foizi mustaqil sayohat tajribasiga ega.
Ayollar birinchi yolg‘iz sayohat oldidan eng ko‘p xavfsizlik masalasidan xavotir bildirgan — buni respondentlarning 20 foizi tanlagan. Shuningdek, “bir o‘zi sayohat qilsa zerikarli bo‘lishi mumkin” degan fikr (15%) va moliyaviy cheklovlar (15%) ham asosiy sabablar qatorida qayd etilgan.
Ba’zi respondent ayollar esa hamrohsiz sayohatdan voz kechishiga oilaviy sabablarni ko‘rsatgan. Masalan, turmush qurish, farzandli bo‘lish yoki sayohatni turmush o‘rtog‘i va bolalari bilan birga qilishni afzal ko‘rish kabi omillar tilga olingan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi ikki-uch yil ichida ko‘plab foydalanuvchilar mustaqil sayohatni tez-tezroq boshlagan. Respondentlarning 59 foizi bunday safarlar soni oshganini aytgan, yana 24 foizi esa avvalgidek tez-tez sayohat qilishini bildirgan.

























