Elektron raqamli imzoni onlayn olish bo‘yicha qo‘llanma
Elektron raqamli imzo (ERI) nima?
ERI — bu an’anaviy imzoning elektron ko‘rinishi bo‘lib, shaxsni tasdiqlash va elektron hujjatlarning haqiqiyligini tekshirish uchun zarur vositadir. Uning yordamida davlat organlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi muloqot soddalashib, qog‘ozbozlik sezilarli darajada kamayadi va vaqt tejaladi.
ERI ikki yilga beriladi va uni uch xil usulda olish mumkin:
- Pasport va fleshka bilan yaqin davlat xizmatlari markaziga borish orqali;
- Yagona davlat xizmatlari portalida, onlayn tarzda;
- e-imzo.uz rasmiy sayti orqali, onlayn tarzda.
ERI olish narxi qancha?
ERI kaliti sertifikati uchun jismoniy shaxslar BHMning 7 foizi (2024-yilning sentyabr holatiga ko‘ra 23 800 so‘m), yuridik shaxslar esa BHMning 10 foizi miqdorida to‘lov qilishlari kerak.
Akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari uchun ERI bepul taqdim etiladi.
Elektron raqamli imzo modulini o‘rnatish
Bir marta modulni o‘rnatgandan so‘ng, foydalanuvchi ERI olishni ariza topshirishdan boshlashi mumkin. Agar modul o‘rnatilmagan bo‘lsa, uni qanday o‘rnatishni quyida ko‘rsatib o‘tamiz.
Modulni o‘rnatish — ERI olish uchun birinchi qadam
- E-imzo va my.gov saytlarida ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tizim sizdan E-IMZO.UZ modulini o‘rnatishingizni talab qiladi.
- Modulni yuklab olish uchun E-imzo saytining tegishli sahifasiga o‘tishingiz lozim. Saytda modulni o‘rnatish bo‘yicha batafsil qo‘llanma ham taqdim etilgan.
- Agar bu modul kompyuterga o‘rnatilmasa, arizangiz holatini tekshirish yoki ERIdan foydalanish imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli, modul o‘rnatilgandan keyin uni o‘chirish kerak emas.
- Modul faqat kompyuterga o‘rnatilishi kerak, telefon orqali foydalanish mumkin emas.
- O‘rnatish jarayonida ekranda quyidagi oynalar paydo bo‘ladi:
- "Завершить" (Tugatish) tugmasini bosgandan so‘ng, modul o‘rnatiladi.
- O‘rnatish yakunlangach, asosiy sertifikatni yuklash taklif qilinadi. "Да" (Ha) tugmasini bosish kerak.
Brauzer sozlamalarini o‘rnatish
- Shundan so‘ng, foydalanayotgan brauzeringizning manzil satriga https://127.0.0.1:64443/ manzilini kiriting va "Добавить исключения" (Istisno qo‘shish) tugmasini bosing. Mozilla Firefox brauzerida quyidagi oynalar paydo bo‘ladi:
- Yangi oynada "Постоянно хранить это исключение" (Bu istisnoni doimiy saqlash) bandini tanlab, "Подтвердить исключение безопасности" (Xavfsizlik istisnosini tasdiqlash) tugmasini bosish kerak.
- Modul o‘rnatildi.
Modulda papka yaratish
- Davlat xizmatlari markazidan yoki onlayn usulda sizga ERI kaliti taqdim etilsa va modul kompyuterda o‘rnatilgan bo‘lsa, keyingi qadam ERI kalitini modulgа joylashdirishdir.
- Buning uchun kompyuterning C nomli tizim diskida DSKEYS nomli papka yaratish kerak.
E-IMZO orqali ERI olish
Modul o‘rnatilgandan so‘ng, E-IMZO sertifikatini onlayn olishni boshlash mumkin. Buning uchun quyidagi bosqichlarni bajarish kerak:
Ariza yuborish
- e-imzo.uz saytiga kirib, "Ariza shaklini to'ldiring" tugmasini bosing.
- Ochilgan shaklni to‘ldiring.
- Ro‘yxatdan o‘tuvchi jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs ekanligini tanlang.
- Jismoniy shaxs tanlangandan so‘ng, 14 raqamli JShShIR (PINFL) kodini maxsus maydonga kiritib, kerakli ma'lumotlarni (foydalanuvchi nomiga ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqami, maxsus kod) kiritishingiz kerak bo‘ladi.
- Ko‘rsatilgan telefon raqamiga SMS orqali kod yuboriladi. Ushbu kodni maxsus maydonga kiritib, arizani tasdiqlang.
- Keyingi shaklda yopiq kalit va parol yaratiladi. Parol faqat raqamlardan iborat bo‘lishi kerak. Parolni eslab qolish yoki yozib qo‘yish muhim, chunki uni tiklashning imkoni bo‘lmaydi.
- Yangi oynada pasportingizning skaner nusxasini va pasportning ochiq sahifasi bilan selfi yuborilishi kerak. Bitta faylning hajmi 5 MB dan oshmasligi lozim. Suratdagi shaxsning qiyofasi aniq, yorug‘ fon va pasportning asosiy sahifasidagi matn o‘qilishi oson bo‘lishi kerak.
- So‘ngra E-IMZO kaliti saqlanadigan diskni tanlab, parol kiritish talab etiladi. Diskni tanlashda modul yuklangan C diskni tanlang.
- Tizim kiritilgan ma'lumotlar asosida elektron anketani shakllantiradi.
- Anketa bilan diqqat bilan tanishib chiqing va roziligingizni tasdiqlash uchun «So‘rov yuborish» tugmasini bosing.
- Shundan so‘ng, E-IMZO moduli oynasi ochiladi va E-IMZO kalitining parolini so‘raydi. Bu maydonga yaqinda kiritgan parolini yana bir bor kiriting.
Ariza qabuli va to‘lov
- Shu paytda ekranda ariza qabul qilinganligi haqidagi xabar paydo bo‘ladi.
- Tizim ariza raqami va to‘lov uchun kerakli summani ko‘rsatadi.
- To‘lovni Click, PayMe yoki upay kabi onlayn tizimlar orqali amalga oshirish mumkin.
- Saytdan arizani topib, chop etish mumkin.
- Ariza bir kunda ko‘rib chiqiladi.
- To‘lovdan so‘ng 15−20 daqiqa ichida ariza ko‘rib chiqilgani va sertifikat tayyor bo‘lgani haqida xabar keladi.
- Ariza raqamini eslab qolish muhim, chunki bu raqam orqali holatni tekshirsa bo‘ladi. Buning uchun e-imzo.uz saytining yuqori o‘ng burchagidan «Arizani topish/tasdiqlash» opsiyasini tanlab, ariza raqami va maxsus kodni kiritish kerak.
- Shu bilan onlayn ariza to‘ldirish bosqichi yakunlanadi.
Sertifikatni tasdiqlash
- Agar ariza qabul qilinsa, SMS-xabar xabar keladi.
- Xabar kelganidang so‘ng ariza topshiruvchi «Arizani topish/tasdiqlash» bo‘limiga o‘tib, sertifikatni olishni tasdiqlash kerak bo‘ladi.
- Ekranda sertifikat paydo bo‘ladi. Bu, E-IMZO kaliti muvaffaqiyatli yaratilganini anglatadi va DSKEYS fayli sifatida kompyuterning tanlangan diskiga saqlanadi.
- E-IMZO kaliti tayyor. Endi ushbu E-IMZO kalitidan barcha davlat va interaktiv xizmatlardan foydalanish mumkin.
MY GOV orqali ERI olish
Elektron raqamli imzoni my.gov portali orqali olish jarayoni ham qulay bo‘lib yuqorida keltirilgandagi kabi qadamlar bajariladi:
Ariza yuborish
- Avvalo, my.gov tizimiga kiring va kerakli bo'limni tanlang.
- Sizdan JSHSHIR va telefon raqamingizni kiritishingiz so'raladi. Bu ma'lumotlarni kiritgandan so'ng, spamdan himoya uchun berilgan misolning javobini kiriting va tasdiqlash tugmasini bosing.
- Hududingizni tanlab, telefoningizga kelgan SMS kodini kiriting va yana tasdiqlash tugmasini bosing.
- Yangi ochilgan oynada, pasportingiz bilan selfi suratni namunaga muvofiq yuklashingiz kerak.
- Keyinchalik, imzoni qayerda saqlamoqchi ekanligingizni tanlash uchun kompyuteringizdagi avval yaratilgan C diskdagi DSKEYS papkasini tanlang.
- Elektron imzoni himoyalash uchun yangi kalit so’z o’ylab toping va kerakli maydonga kiriting.
- Barcha ma’lumotlar kiritilgandan keyin, “pfx fayl yaratish va davom ettirish” tugmasini bosing. Ekranda ariza shakli paydo bo’ladi. Ariza bilan tanishib chiqing va "so'rov yuborish" tugmasini bosing. Tasdiqlash uchun yaratgan kalit so’zini kiriting.
Ariza qabuli va to‘lov
- Jarayon davomida davlat bojini tizim taqdim etadigan xizmatlarning biri orqali to’lashingiz kerak bo’ladi.
- Arizangiz 1 ish kuni davomida ko'rib chiqiladi va sizga SMS orqali xabar keladi. My.gov saytining “Mening arizalarim” bo'limiga kirib, arizangizning holatini tekshiring.
Sertifikatni tasdiqlash
- Taqdim etilgan sertifikat bilan tanishib chiqing va kalit so'zni kiriting.
- Jarayon tugagach, yaratilgan elektron imzo kalitini kompyuteringizda avval tanlangan C diskdagi DSKEYS papkasidan topishingiz mumkin.
Raqamli imzodan qanday foydalanish kerak
Elektron raqamli imzo (ERI) davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanish imkonini beradi. Masalan, jismoniy shaxslar ERI orqali ish haqi tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalari, farzand tug‘ilganida bir martalik nafaqa, pensiya va nafaqa miqdorlari haqida ma’lumotnomalar olishlari, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish uchun elektron ariza topshirishlari, bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtirma aktini amalga oshirishlari va boshqa xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
Biznesda ERIdan korxona rahbarlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar foydalanishlari mumkin.
Sertifikatni yuklab olib, kalitni saqlab qo‘ygandan so‘ng, my.gov.uz saytida ERI orqali shaxsiy kabinetga kirish va kalit parolini kiritish kerak bo‘ladi.
ERI — my.gov.uz dan tashqari, my.soliq.uz, stat.uz, faktura.soliq.uz, fo.birdarcha.uz, shop.uzex.uz va boshqa saytlarda ham qo‘llaniladi.
Kalit parolini vaqti-vaqti bilan e-imzo.uz saytida o‘zgartirib turish tavsiya etiladi.