Sayohat
10 may
ico4K

Green card yutib olgandan so‘ng nima qilish kerak?

O‘tgan haftada Green card DV-2025 javoblari e’lon qilindi. Agar g‘oliblar orasida bo‘lsangiz keyingi bosqichda qayerga murojaat qilish va qanday hujjatlarni yig‘ish kerakligi to‘g‘risida ma’lumot beramiz.
article-image

Foto: opee.ru

Green card bu, chet el fuqarosiga AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi rasmiy hujjatdir. Uning egalari AQShda ishlash va o‘qish, shuningdek, davlat imtiyozlari va ijtimoiy dasturlardan foydalanish huquqiga ega. Green card AQSh fuqaroligini olish uchun ham birinchi qadamdir.

Shuni yodda tutish kerakki, green card viza emas va lotereyada yutish AQSh vizasini kafolatlamaydi.

Har yili dunyo bo'ylab 20 milliondan ortiq odam 55 ming miqdorda beriladigan green gard olish uchun lotereyada qatnashadi. G'oliblar viza suhbatidan muvaffaqiyatli o'tgan taqdirdagina viza oladi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 2022-2023 yillarda green card dasturi bo‘yicha berilgan immigratsion vizalar soni bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston fuqarolari orasida 2022 yilda DV-Lottery Green Card USA dasturida yutganlar soni esa 5 555 tani tashkil etgan. 2023-yil 4-oktyabrdan 7-noyabrgacha DV-2025 dasturiga arizalar qabul qilingan.

Green card dasturida yutgandan so‘ng, dastur veb-saytidagi bosqichma-bosqich qo'llanmaga rioya qilish kerak. Ushbu ko‘rsatmalarga muvofiq va green card olganlarning tajribasini o‘rgangan holda keyingi bosqichda nimalar qilishingiz kerakligi haqida ma’lumot to‘pladik.

DS-260 anketasini to‘ldirish

Green Card yutgandan so'ng, birinchi bo'lib DS-260 maxsus anketani to'ldirish kerak. Ushbu anketa AQSh elektron ariza markazining veb-saytida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng to'ldiriladi. Anketa 100 dan ortiq sahifaga ega. Har bir sahifani to‘ldirish uchun 20 daqiqa vaqt beriladi, agar to‘ldiruvchi xato qilsa yoki vaqti yetmasa, sahifani yangidan to‘ldirish kerak. Shakl ingliz tilida to‘ldirilishi kerak. Anketada arizachi o‘zi haqida batafsil ma'lumot berishi kerak: yashagan joyi, 16 yoshdan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan joyi, barcha rasmiy ish joylari, ish beruvchilar haqidagi ma'lumotlar, ota-onalar va bolalar haqidagi ma'lumotlar.

Ariza shaklida “social security” ya’ni ijtimoiy sug'urta raqamini olish to'g'risidagi band mavjud. Bu raqamsiz ishga joylashish va litsenziya olish mumkin emas. Shuning uchun bu katakchani belgilash zarur. Anketa to'ldirilgandan so'ng, shtrix-kodli tasdiqlash sahifasi paydo bo'ladi. Ushbu sahifani saqlab, chop etish kerak. Bu sahifa suhbat uchun elchixonaga tashrif buyurganda kerak bo'ladi.

Hujjatlarni yig'ish

Anketa to'ldirilganidan so'ng, arizachining elektron pochtasiga bir necha oy ichida hujjatlarni konsullikka topshirish kerakligi haqida so’rov xati yuboriladi. Unda kerakli hujjatlar ro'yxati  va ularning skanerlangan nusxalarini jo'natish kerak bo'lgan manzil ko'rsatiladi. Bu muhim xatni o'tkazib yubormaslik uchun elektron pochtani har kuni tekshirish kerak.

Elektron pochta orqali yuborilishi kerak bo'lgan asosiy hujjatlar ro'yxati:

  • To'ldirilgan DS-260 shaklini onlayn tasdiqlash sahifasi;
  • Xorijiy pasport;
  • Tug'ilganlik haqidagi guvohnoma;
  • Nikoh to'g'risida guvohnoma;
  • Ilgari turmush qurganlar uchun ajrim hujjatlari;
  • Ism yoki familiya o'zgartirilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar (agar mavjud bo'lsa);
  • 16 yoshdan oshgan shaxslarning barcha ism va familiyalari (shu jumladan, ayollar uchun qizlik familiyasi) bo'yicha sudlanmaganligi to'g'risidagi guvohnomalar;
  • Harbiy xizmatdan o'tganlar uchun guvohnoma;
  • Viza uchun 50 × 50 mm o'lchamdagi ikkita rangli matli fotosurat;
  • Ta'lim olganlik to'g'risidagi hujjatlar va mehnat daftarchasi.

Hujjatlarning ro'yxati AQSh elchixonasining veb-saytida ko'rsatilgan. Keyinchalik, ushbu hujjatlarning asli va nusxalarini konsullikka ham taqdim etish kerak.

Barcha hujjatlar taqdim etilganidan so'ng, elchixonada suhbat sanasi belgilanishini kutish kerak. Bu odatda ikki-uch oy vaqtni oladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tish

AQShning O'zbekistondagi elchixonasida suhbat kuni belgilanganidan so'ng, avvalo intms.org saytida tibbiy ko'rikdan o'tish uchun pul to'lash kerak. Arizachi ko'rsatgan elektron pochta manziliga to'lov tasdiqlovini oladi. Shundan so'ng, tibbiyot tizimida ro'yxatdan o'tish uchun hujjatlarni quyidagi elektron pochta manziliga yuborish kerak: medicalsTIC@tashclinic.org.

Barcha skanerlangan hujjatlar sifatli va PDF shaklida bo'lishi kerak. Ro'yxatdan o'tish uchun odatda quyidagi hujjatlar kerak bo'ladi:

  • Xorijiy pasportining nusxasi (fotosuratli bosh sahifa);
  • Jpeg shaklida 3 x 4 sm o'lchamdagi fotosurat (rangli, oq fon, oxirgi olti oy ichida olingan);
  • AQShning Toshkentdagi elchixonasiga taklifnoma;
  • DS-260 shaklidagi anketa;
  • Klinikadan 063-shakldagi yoki ilgari olingan emlashlar to'g'risidagi guvohnoma.

Hujjatlar ro'yxatdan o'tgandan so'ng elektron pochtaga tibbiy ko'rikdan o'tish manzili, sanasi va vaqti ko'rsatilgan xat keladi.

Toshkent xalqaro klinikasidan emlash kartasi tibbiy ko'rikdan o'tilgandan so'ng bir oy ichida elektron manzilga yuboriladi.

Bir varaqda quyidagi ma'lumotlarni alohida ko'rsatib o'tish kerak: arizachining O'zbekistondagi yashash manzili, AQShda yashash uchun mo'ljallangan manzil, arizachining elektron pochta manzili, shuningdek telefon raqamlari (uy va mobil).

Foto: visa-guru.ruFoto: visa-guru.ru

Suhbatdan o'tish

Suhbat sanasi 2-2,5 oy oldin e'lon qilinadi. Suhbat uchun avval tayyorlangan hujjatlarning to'liq to‘plamini olish va konsullik yig'imlarini to'lash kerak. Green card dasturi bo'yicha viza narxi 330 dollarni tashkil qiladi.

DV vizasi yoki green card uchun suhbat odatda 15-20 daqiqa davom etadi va ingliz tilida olib boriladi.

Suhbatdan maqsad:

Arizachining green card uchun barcha talablarga javob berishini tekshirish, uning AQShga immigratsiya bilan bog‘liq niyatlarini aniqlash va mamlakat haqidagi bilimini baholashdir. Suhbatning asosiy mavzulari orasida: 

  • arizachining shaxsi;
  • immigratsiya tarixi;
  • AQShdagi aloqalari;
  • kelajak uchun rejalari;
  • AQSh haqidagi savollar mavjud.

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish uchun xushmuomala bo‘lish, ozoda kiyinish, aniq gapirish, beriladigan savollarga tez va lo'nda javob berish hamda barcha kerakli hujjatlarni taqdim etish muhimdir.

Bundan tashqari, suhbat davomida moliyaviy barqarorlikni tasdiqlovchi hujjatlar ham talab qilinadi. Ilgari green card uchun ariza topshirish jarayonidan o'tgan odamlarning sharhlariga ko'ra, moliyaviy barqarorlikni tasdiqlash uchun 5 ming dollardan ortiq mablag' borligi haqidagi bank hisobidan ko'chirma taqdim etish mumkin. Bunday mablag' bo‘lmasa, mashina yoki kvartira kabi ko'chmas mulki borligi haqidagi hujjatlarni taqdim etish kerak. Shuningdek, agar amerikalik ish beruvchidan ishlashga taklifnoma yoki AQSh fuqarolarining kafolati mavjud bo'lsa, ularni ham taqdim etish tavsiya etiladi.

Viza olish

AQSh elchixonasida immigratsiya vizasi bo'yicha suhbat so'ngida konsullik xodimi viza arizasi ma'qullangan yoki rad etilganligini aytadi.

Agar viza tasdiqlansa, pasport va viza qanday va qachon qaytarilishi haqida suhbat kunidayoq xabar beriladi. Viza rad etilsa, nima uchun arizachi viza olish huquqiga ega emasligi aytiladi. Viza rad etish haqida ma'lumotni elchixona taqdim etgan sahifaning pastki qismida ham ko‘rsatiladi.

Viza tasdiqlanganda pasport bilan birga AQShga kelganda bojxona va chegara himoyasiga taqdim etish kerak bo‘lgan hujjatlarni oz ichiga olgan muhrlangan paket ham beriladi. Muhrlangan paketni ochish taqiqlanadi. 

Viza muddati tugashidan oldin AQShga kelish va kirish uchun ariza topshirish kerak. Odatda, turli vizalar berilgan kundan boshlab olti oy davomida amal qiladi. Lekin tibbiy ko'rikdan o'tish hujjatlarining muddati tezroq tugasa, bu viza amal qilish muddatini qisqartirishi mumkin.

Immigratsion viza olganidan so'ng va Qo'shma Shtatlarga sayohat qilishdan oldin AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatiga USCIS immigratsiya bojini to'lash kerak. 2024-yilda bu to'lov har bir kishi uchun 220 dollarni tashkil qiladi. Ushbu soliq Kentukki shtatidagi konsullik markazi veb-saytida viza ma'qullangandan so'ng to'lanadi. 

Qo'shma Shtatlarga sayohat qilganda, asosiy arizachi oila a'zolaridan oldin yoki bir vaqtning o'zida kirishi kerak. Vizalar va muhrlangan paket bilan AQShning kirish portiga (ko‘pincha aeroportning o'zida) borib, Qo'shma Shtatlarga kirishga ruxsat so‘raladi. Viza AQShga kirishni kafolatlamaydi. Ichki xavfsizlik departamenti va AQSh bojxona va chegaralarni himoya qilish xizmati kirishga ruxsat berish yoki rad etish huquqiga ega. AQShga kirish talablari bilan CBP xizmatining veb-saytida tanishish mumkin.

Agar green card g'olibi AQSh tomonidan qabul qilinsa, "green card egasi" deb ataladigan qonuniy doimiy rezident sifatida mamlakat ichiga kirish huquqiga ega bo‘ladi. Rezidentga Qo'shma Shtatlarda 10 yilgacha ishlash va yashashga ruxsat beriladi.

Ko'pchilik green card hujjatini, AQShga borganidan so'ng bir oy ichida oddiy pochta orqali oladilar.

Fikr qoldiring
Barcha sharhlar chop etilishidan oldin moderatsiyadan o'tadi
Biz cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytdan foydalanishni davom ettirish orqali siz roziligingizni bildirasiz