Bojxona to'lovining kamayishi xorijiy avtomobillar narxiga ta'sir qiladimi?
Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a'zo bo'lishini eksportni ikki baravar oshirish uchun ustuvor vazifa sifatida belgilab, bu mavzuga oid farmonni imzoladi.
JSTga a'zo bo'lish uchun O'zbekiston boshqa mamlakatlardan keladigan tovarlar uchun bozorga kirish sharoitlarini teng ta'minlashi kerak, ya'ni bojxona to'lovlari jumladan, avtomobillar importi uchun ham pasaytirilishi zarur. JSTga a'zo davlatlarda avtomobillar importi bo'yicha o'rtacha bojxona to'lovi 15% ni tashkil etadi. Ushbu farmonga ko'ra, bojxona to'lovlari 2024 yil 1 avgustgacha JST normalariga muvofiq qayta ko'rib chiqiladi.
Biroq, bojxona to'lovlarining pasayishi rasmiylashtirish xarajatlarining kamayishini anglatmaydi. O'zbekistonda, xuddi Rossiya va Qozog'istonda bo'lgani kabi, utilizatsiya yig'imi olinadi, bu yig'im bojxona to'lovlarining pasayishiga mutanosib ravishda oshishi mumkin.
Rossiyada ham, Qozog‘istonda ham davlat tomonidan mamlakat ichidagi avtomobilsozlik sohasiga ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash tufayli xorijiy avtomobillar oqimi kuzatilmadi. Rossiyada Jahon Savdo Tashkiloti (JST) aralashuvidan so'ng, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham utilizatsiya yig‘imini to‘lashni boshladilar. Lekin davlat ularga utilizatsiya yig‘imini to‘lash xarajatlari bilan teng bo‘lgan sanoat subsidiyalarini berdi.
O'zbekistonda ham shunga o'xshash sxema amalga oshirilmoqda: importchilar utilizatsiya yig'imini to'laydilar, ammo mahalliy ishlab chiqaruvchilar avtomobil qismlari va ehtiyot qismlarini import qilishda imtiyozlarga ega.
Bu elektromobil bozorida yaqqol ko'rinmoqda: hozircha O'zbekistonda BYD avtomobillarini shaxsiy tartibda olib kirish taqiqlanmagan. Elektr avtomobillar narxi pasaymoqda, ammo gibrid avtomobillar narxi yuqori bo'lib qolmoqda. Buning sababi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun katta bojxona to'lovlari hisoblanadi.