Uy uchun havo namlagich tanlaymiz
Havodagi namlik yetishmasligi odam organizmiga yomon ta'sir qiladi. Xona havosi o‘ta quruq bo‘lsa, odamning uyqusi yomonlashadi va ishlash samaradorligi kamayadi. Havo namlagichi yordamida xonadagi namlik darajasini oshirishingiz mumkin. Sizga namlagichlar bir-biridan qanday farq qilishini va qurilmani to'g'ri tanlash bo‘yicha maslahat beramiz.
Namlik mutlaq va nisbiy bo'lishi mumkin. Mutlaq namlik - bu ma'lum bir vaqtda havoda mavjud bo'lgan barcha suv miqdoridir. Namlik amalda ko‘proq foizlarda hisoblanadi. Qishda turar-joy binolarida optimal namlik darajasi 30-45%, yozda esa 30-60%. Qo'shimcha namlash va yetarli darajada havo almashinuvi bo'lmasa, shahardagi uylarda namlik darajasi kamdan-kam hollarda 20-25% dan ko'tariladi. Havo yetarli darajada nam bo'lmasa, odamning burun shilliq qavati va terisi quriydi. Nafas olish yo'llari torayadi, havodagi namlik yetishmasligi ayniqsa astma va allergiya bilan og'rigan odamlarning sog‘lig‘iga ta'sir qiladi. Bu yana bir bor havo namlagichining muhimligini anglatadi.
Biz ushbu sharhga kichik, ko‘chma modellarni kiritmaslikka qaror qildik, chunki bizning maqsadimiz kattaroq joylarda samarali ishlashi mumkin bo‘lgan kuchliroq qurilmalar haqida ma’lumot berishdir. Shuningdek, biz noma’lum ishlab chiqaruvchilarning namlagichlaridan foydalanishni tavsiya etmaymiz, chunki ular vaqt sinovidan o‘tmagan va kerakli sifat va chidamlilik darajasini ta’minlamasligi mumkin.
Namlagich turlari
Foto: hvac365.ru
Namlagichlarning uchta asosiy turi mavjud
An'anaviy qurilmalar — tabiiy bug'lanish prinsipi asosida ishlaydi. Havo suv bilan namlangan kartrij orqali ventilyator tomonidan tortiladi. So‘ngra namlangan holda chiqadi. Ishlash samaradorligi xonadagi havo namligiga bog'liq. Namlagich optimal namlik darajasini saqlab turadi. Bunday qurilmalar jim ishlaydi va elektr quvvatini kam sarflaydi. Ichki kartrijni odatda har 3-6 oyda almashtirish kerak.
Bug'lanishga asoslangan qurilmalar — isitish elementi yordamida suv isitiladi. Natijada issiq yoki iliq suv bug'i doimiy ravishda xonaga ajratiladi. Ular xonadagi namlikni tezda oshirishi mumkin. Ammo ko'plab modellarda issiq haroratdagi bug' ajratiladi, bu esa noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu namlagichlar an'anaviylarga qaraganda shovqinliroq ishlaydi. Ular ish paytida ko'p quvvat iste'mol qiladi.
Ultratovushli qurilmalar — mashhur va arzon variantdir. Qurilmaning ichida yuqori chastotalarda tebranadigan va suvni mayda zarrachalarga bo'luvchi membrana mavjud. Namlagich ularni tuman sifatida havoga purkab, nisbiy namlikni oshiradi.
Ultratovushli modellar sezilarli kamchilikka ega. Bu suv sifatiga qo'yiladigan talablarda aks etadi: ular uchun faqat distillangan yoki tozalangan suv mos keladi. Oddiy oqar suvda mineral aralashmalar mavjud bo'lib, ular namlagichdan o'tib, havoga ham kiradi. Shu sababli, vaqt o'tishi bilan mebel va devorlarda oq qoplama paydo bo'lishi mumkin.