Kompyuter kreslosini tanlash bo’yicha maslahatlar
Ish paytida odamlar ko‘pincha qanday holatda o‘tirishlari haqida o‘ylamaydilar. Biroq, noto‘g‘ri o‘tirib ishlash tana uchun noqulay: umurtqa pog‘onangiz tezda charchaydi. Bu sog‘ligingizga yomon ta’sir qiladi va holatingizni o‘zgartirish yoki turish istagi tez-tez paydo bo‘ladi.
Shu sabablarga ko‘ra, yaxshi ish kreslosini tanlash salomatligingiz va sifatli ishingizga ko‘mak bo‘ladi.
Quyida biz kompyuter stullarini tanlash mezonlarini ko‘rib chiqamiz va sizning e’tiboringizga loyiq model misollarini taklif qilamiz.
Nima uchun kreslo tanlashga vaqt sarflash kerak?
- Noqulay kresloda o‘tirib ishlash, ish sifatining pasayishiga olib keladi: ishda diqqatni jamlash o‘rniga, odam noqulaylik his qiladi, ko‘p marta tana holatini o‘zgartiradi va chalg‘iydi.
- Uzoq muddat noto‘g‘ri o‘tirish umurtqa pog‘onasi, tos suyagi va bo‘g‘imlarning kasalligiga olib kelishi mumkin. Yana, eski surunkali kasalliklar kuchayishi yoki yangilari paydo bo‘lishi ham mumkin.
Shuni yodda tutingki, agar statsionar kompyuter yoki bir nechta monitorda ishlasangiz, sizga hech bo‘lmaganda qulay ish stoli ham kerak bo‘ladi. Ammo bu maqolada biz faqat kreslolarni ko‘rib chiqamiz.
Kresloning ish vaqtida umurtqa pog'onasiga ta'siri.
Kreslo turlari
Ish va o‘qish vaqtida foydalaniladigan kompyuter kreslolarini bir necha guruhlarga bo‘lish mumkin.
Oddiy ofis kreslolari
Ular oddiy dizaynga ega bo’lib, bunday kreslolarning balandligini sozlab bo‘lmaydi. Bunday kreslolarda tana tez charchaydi.
Oddiy ofis stuli. Foto: market.yandex.ru
Moslashuvchan kreslolar
Ushbu kreslolar turli sozlanish elementlariga ega: o‘rindiq balandligini, qo‘l dastalarini sozlash mumkin. Moslashuvchanlik va umumiy qulaylik nuqtai nazaridan, sozlanadigan kreslolar uzoq muddatli ish uchun ko‘proq mos keladi. O‘yin (Geymer) kreslolari ham ushbu guruhga kiradi. Ular odatda harakatlanuvchi bosh suyanchig‘i yoki bel va oyoq suyanchig‘i kabi sozlanishi mumkin bo‘lgan qismlarga ega.
Moslashuvchan kreslo namunasi. Foto: imghub.ru
Tizza kreslolari
Bu kreslolar odatda ortopedik maqsadlarda qo‘llaniladi. Ayniqsa, bolalarda, orqa mushaklarini kuchaytirish uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, ular tizza va oyoqlarda stressni keltirib chiqaradi. Bu esa, oyoqlarda qon aylanishiga salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun ularni ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak, ish va dam olish uchun klassik kreslolarni tanlash afzalroqdir.
Tizza kreslosining namunasi. Foto: akrasdia.ru
Kreslo-egar
Egar ko‘rinishidagi kreslo bu — bel mushaklarini kuchaytirish uchun maxsus mo‘ljallangan ortopedik kreslo.
Ushbu turdagi stul orqa mushaklarni mashq qilishga yoki ularning holatini tuzatishga muhtoj bo‘lganlar uchun ideal ravishda to‘g‘ri keladi. Biroq, kreslo-egar qulay ish kreslosi sifatida deyarli qo‘llanilmaydi.
Kreslo-egar namunasi. Foto: mebel-gu.ru
Fitbollar
Fitbollar bu, gimnastika va mashqlar uchun mo‘ljallangan elastik to‘plar. Ba’zi odamlar fikriga ko‘ra ish paytida to‘plarda o‘tirish bel mushaklari uchun foydali bo‘lishi mumkin. Ammo hozirgacha shifokorlar fitbollarning ish kreslosi sifatida foydali ekanligi haqida hech qanday dalillarni keltirmaganlar.
Fitbol namunasi. Foto: imghub.ru
Turib ishlash uchun mo‘ljallangan stollar
Passiv turmush tarzi semirish, diabet va saratonning ayrim turlarining sabablaridan biridir. Ushbu kasalliklarni rivojlanish xavfini kamaytirish uchun ba’zi odamlar ish stollari yordamida tik turgan holda ishlay boshladilar. Hozircha olimlar ushbu yondashuvni samarali deb atash uchun yetarli dalillarga ega emaslar.
Tik turib ishlash uchun stol. Foto: ergotronica.ru
Kreslo tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Ushbu maqolada biz ofis va uy uchun klassik moslashuvchan kreslolar haqida gapirib o‘tamiz.
Ularning tarkibiy qismlarini ko‘rib chiqamiz.
Kresloning asosi — ushbu qism odatda 4 tadan 6 tagacha oyoqqa ega bo‘ladi va asosiy yukni o‘ziga oladi. Plastmassadan yasalgan asos odatda 80 kilo, metalldan yasalgan - 120 kilo, mustahkamlangan metalldan yasalgan -150 kilogacha og‘irlikni ko‘taradi.
Kompyuter kreslosining asosi. Foto: ergokreslo.kz
Gazlift — bu kreslo asosining ustidagi vertikal ustun bo‘lib, uning ustiga kreslo o‘rindig‘i o‘rnatiladi. Odatda gazlift metalldan yasaladi, lekin u plastmassa bilan qoplangan bo‘lishi ham mumkin. Kresloning asosi va gazlift asosiy yukni ko‘taradigan muhim elementlar hisoblanadi. Agar ular yomon yig‘ilgan bo‘lsa yoki odamning vazniga bardosh bera olmaydigan materiallardan yasalgan bo‘lsa, kreslo tez sinishi mumkin. Shuning uchun metalldan yasalgan asosni tanlagan yaxshi.
Kreslo asosining yuqorisida joylashgan gazlift. Foto: lubimoekreslo.ru
Agar kresloingiz bus-butun, lekin uning asosi yoki gazlift singan bo‘lsa, ularni alohida sotib olish va almashtirish mumkin. Ular yirik mebel sotuvchilari do‘konlarida yoki UZUM, Wildberries kabi marketpleyslarda sotiladi. Yana ushbu elementlarni OLX dan ham topish mumkin.
Dizayn va yig‘ilishi — yaxshi kreslolar odatda ishlov berilgan armaturadan tayyorlangan ramkaga ega. Arzon kreslolar zaif choklarga ega bo‘lishi va ramka metallining o‘zi juda nozik bo‘lishi mumkin. Bunday holda, kreslo odam og‘irligi ta’sirida sinishi xavfi mavjud. Kompyuter kreslosi yoki kreslosining yig‘imini tekshirish qiyin, buning uchun kresloni qismlarga ajratish va ichida nima borligini ko‘rishingiz kerak. Narx qanchalik past bo‘lsa, sifatsiz dizayn va soxta yig‘imga duch kelish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Bunday kresloning narxi mustahkam kreslodan taxminan ikki baravar past bo‘ladi.
G‘ildiraklar — kreslo uchun g‘ildiraklarning ikkita turi mavjud: plastik va kauchuk. Plastik g‘ildiraklar gilam va boshqa yumshoq qoplamalar uchun ko‘proq to‘g‘ri keladi. Linoleum, parket, laminat kabi qattiq yuzalar uchun kauchukli g‘ildiraklar ko‘proq to‘g‘ri keladi. Polni himoya qilish uchun maxsus gilam sotib olish mumkin. Maxsus gilamlar yumshoq va qattiq yuzalar uchun ishlab chiqariladi va sirpanib ketmaslikka yordam beradi.
Bel suyanchig‘i — suyanchiqning balandligi va egiluvchanlik darajasi asosan o‘z xohishingizga bog‘liq. Suyanchiq umurtqa pog‘onasining anatomik egriligini hisobga olishi kerak. Shuning uchun, ba’zi kreslolarda suyanchiqning balandligini bo‘yingizga mos ravishda sozlashingiz mumkin. Turli xil bo‘y va tana tuzilishi tufayli, bir kishiga tekis suyanchiq qulay bo‘lsa, boshqa odam uchun kuchli egilgan kreslo qulayroq bo'lishi mumkin.
Bosh suyanchig‘i — bosh suyanchig‘ini ba’zi kreslolarda olib tashlash mumkin. Bosh suyanchig‘i statik yoki moslashuvchan bo‘lishi mumkin. Bosh suyanchig‘i o‘tirganda qulaylikni oshiradi. Lekin bosh suyanchig‘i dizaynning asosiy qismi emas. Agar kresloning bel suyanchig‘i baland bo‘lsa, oddiy yostiqcha yordamida ham o‘zingiz bosh suyanchig‘ini yasasangiz bo‘ladi.
Qo‘l dastalari — agar ish paytida qo‘llaringiz klaviatura va stol ustida tursa, qo‘l dastalari kerak bo‘lmasligi mumkin. Ammo ko‘p hollarda qo‘l dastalari bor kresloda o‘tirish qulayroqdir. Qimmat brendli kreslolarda qo'l dastalari sozlanishi va kerakli holatda moslashtirib olish imkoniyati mavjud.
Qo'l dastalari. Foto: aliexpress.ru
Sozlash mexanizmi — ba’zi kreslolar o‘rnatilgan mexanizmga ega bo‘lib, u odamni yarim yotish holatiga o‘tkazish imkonini beradi. Bu holatda siz ishlashingiz va dam olishingiz mumkin. Narxi 2 mln. dan ortiq bo‘lgan deyarli barcha kreslolar shunday mexanizmga ega.
Kreslo qoplamasi — ko‘pincha kreslo qoplamasi mato, charm, haqiqiy teri yoki sintetik to‘rdan tikiladi.
- Eng qimmat variant - haqiqiy teri. Yozda bunday kresloda tana terlaydi, ammo bunday qoplama uzoqqa chidaydi.
- Charm - bu sun’iy teri. Tabiiy materialga qaraganda tezroq eskiradi. Odatda, kreslo uch yil ichida yangi holatini yo‘qotadi: qoplama ishqalanib, yuzida yoriqlar paydo bo‘ladi va material parchalana boshlaydi.
- Mato qoplamalari arzonroq variant bo‘lib, uni qulay variant desa bo‘ladi. Chunki mato bilan qoplangan kreslo yozda unchalik issiq emas, qishda esa charm kabi sovuq emas.
- Sintetik to‘r odam o‘tirganda biroz cho‘ziladi, shu sababli ko‘pincha odam belining individual shaklini oladi. Narxiga kelsak, to‘r qoplamali kreslo charm kreslo bilan bir xil bo‘ladi.
Qoplamani keyinchalik almashtirish mumkin bo‘ladi. Kresloni qayta qoplash mebel ustaxonalarida amalga oshiriladi. OLX dan ham ustalarni topsa bo‘ladi. Qayta qoplash faqat qimmatbaho kreslolar uchun ko‘proq to‘g‘ri keladi. Chunki ba’zida kresloni qayta qoplash yangi kresloning narxiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Charm qoplamali kreslo namunalari. Foto: inihome.ru
Narxi — "Ofis kreslosi" yoki "kompyuter kreslosi" so‘rovi bo‘yicha internet do‘konlari 600 ming so‘mdan 14 mln. so‘mgacha bo‘lgan kreslolarni taqdim etadi. Kreslo narxi kresloning funksionalligiga, ishlab chiqaruvchining obro‘siga, dizayni va modelning mashhurligiga bog‘liq.
Eng qimmat narxlar ma'lum bir brendga tegishli o‘yin kreslolari va haqiqiy teri bilan qoplangan kreslolarga tegishli.
Agar kresloni onlayn buyurtma qilishga qaror qilsangiz, tanlovda adashmasligingiz uchun onlayn do'konlardagi sizga yoqqan bir nechta modellarni o'rganib chiqishingiz kerak bo'ladi. So‘ngra shu modellarni do‘konlaridan topib, ularni shaxsan sinab ko'rishingiz mumkin. Buning uchun har bir kresloda o‘tirib, uni o‘zingizga mos qilib sozlab ko‘ring. Shu tarzda kreslo sizga mos keladimi yoki yo‘qmi aniqlasangiz bo‘ladi.