Avto
20 noyabr
views164K

Cobalt Midnight versiyasini o‘z qo‘lingiz bilan yasash qancha turadi?

article-image

Foto: chevrolet.uz

2024-yilning oktyabr oyida Chevrolet Cobalt Midnight maxsus versiyasi O‘zbekiston bozoriga taqdim etildi. Bu model odatiy Cobalt sedanining yangilangan ko‘rinishini namoyon qiladi. Qoraytirilgan chiroqlar, qora rangli yon oynalar va disklar avtomobilga zamonaviy ko‘rinish beradi. Biroq, dizayndagi o‘zgarishlarga qaramay, disklar odatiy Cobalt disklari bilan bir xil.

Chevrolet Uzbekistan kompaniyasining rasmiy saytidagi ma’lumotlariga ko‘ra, Cobalt Midnight versiyasi 155 231 000 so‘mga baholangan. Style AT Plus modeli esa 147 916 000 so‘mni tashkil etadi. Ikki model o‘rtasidagi narx farqi 7 315 000 so‘mni tashkil qiladi. 

Bu kosmetik yangilanishlarni ustaxonalarda ancha arzon narxda amalga oshirish mumkinligini bilganmisiz?

Ustaxonada Midnight uslubini yaratish qancha turadi?

Avtoelon.uz Toshkentdagi ustaxonalarning xizmat narxlarini tahlil qilib, oddiy Cobalt modelini Midnight uslubiga aylantirish uchun o‘rtacha xarajatlarni aniqladi.

  • Old chiroqlarni qoraytirish — 100 ming so‘m
  • Orqa chiroqlarni qoraytirish — 100 ming so‘m
  • Yon oynalarni bo‘yash — 250 ming so‘m
  • To‘rtta diskni bo‘yash — 1 mln so‘m

Shunday qilib, oddiy Cobaltni Midnight uslubiga o‘zgartirish o‘rtacha 1 450 000 so‘mga tushadi. Bu zavod narxidan deyarli besh barobar arzon. Narxlar ustaxonalarga qarab o‘zgarishi mumkin, viloyatlarda esa xizmatlar ancha arzon bo‘lishi ehtimoli bor.

Zavod va ustaxona xizmatlari farqlari

Midnight versiyasini zavod sharoitida tayyor holda xarid qilish avtomobil egasini ortiqcha tashvishlardan xalos etadi. Zavodda bo‘yalgan qismlar kafolat bilan himoyalangan bo‘lib, bu xaridorga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlaydi va sifat darajasi yuqori ekanini ta’minlaydi.

Ustaxonalar esa ko‘pincha arzonroq xizmatlarni taklif qiladi. Ayrim ustaxonalar bajarilgan ish uchun kafolat berishi mumkin, biroq xizmat sifati turli joylarda farq qilishi mumkin. Shu sababli ustaxonani tanlashda sifat va ishonchlilikni sinchiklab baholash zarur.

Zavod varianti qulaylik va kafolatni afzal ko‘radiganlar uchun mos bo‘lsa, ustaxona xizmatlari byudjetni tejashga qaratilgan tanlovdir. 

Fikr qoldiring
Barcha sharhlar chop etilishidan oldin moderatsiyadan o'tadi