Pul masalasi
6 noyabr
views3K

Oltin quymalarini bankga sotib foyda ko'rsa bo'ladimi?

Oltin quymasini sotib olgandan keyin uni qayerda va qanday shartlarda sotish mumkinligi haqida savollar tug‘ilishi tabiiy. Oltin quymalarini sotish jarayoni ma’lum tartib asosida tashkil etilib, bu narxlarning adolatli belgilanishi va tillaning asl holatda bo‘lishi ta’minlanadi. Quyida oltinni qaytarib sotish jarayonini batafsil yoritamiz.
article-image

Foto: mt.ru

Oltin quymalarini qayerda sotish va sotib olish mumkin?

Quymalarni faqat  litsenziyaga ega banklarning ayrim tanlangan filiallarigina sotadi. Ba’zi banklarda quymalar tugagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun sotib olishdan oldin, Markaziy bank saytidagi banklardagi oltin qoldiqlarining ro‘yxatini tekshiring.

Tillani qanday sotib olish mumkin?

Quymani sotib olish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi: tanlangan bankka pasport va to‘lov summasi bilan tashrif buyurish kerak. Bank vakili kassadan kerakli miqdordagi quymalarni olib keladi, shartnoma imzolanadi va mijoz to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng oltinini oladi. Oltin quymalarini naqd yoki naqd pulsiz to‘lov bilan sotib olish mumkin. 

Quymalarni qaytarib sotishda ham faqat banklarga murojaat qilish kerak.

Quymalarni qaytarib sotib olish narxi o‘sha kunning tilla kursiga va bank boshqaruvi tasdiqlagan chegirma miqdoriga qarab belgilanadi. Bu chegirma miqdori quymaning holatiga qarab farqlanadi. 

Agar quyma but va qadoqlangan bo‘lsa, minimal chegirma bilan qaytarib sotib olinadi. Shikastlangan yoki texnik talablarga javob bermaydigan quymalar esa alohida chegirma bilan baholanadi va ekspertizaga yuboriladi.

Tilla narxlari va baholash tartibi

Oltin narxlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi va haftada bir necha marta o‘zgarib turadi. Joriy narxlarni Markaziy bank rasmiy saytidan topish mumkin.

Qaytarib sotish narxi esa  maxsus formula asosida hisoblanadi:

bu yerda:

  • ∑ — umumiy sotish narxi;
  • V — quymaning grammdagi og‘irligi;
  • Pg/uzb — Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan bir gramm narxi;
  • D — Markaziy bank chegirma miqdori (foizda).

Markaziy bank qoidalariga ko'ra, banklar oltinni qaytarib sotib olishda chegirma qo‘llaydi. Bu chegirma oltin quymasining holatiga qarab belgilanadi: agar oltin yaxshi saqlangan bo‘lsa va qadoqqa hech qanday shikast yetmagan bo‘lsa, chegirma joriy sotuv kursidan 1% ni tashkil qiladi. Agar qadoqda kichik shikastlar bo‘lsa, chegirma 2% gacha oshishi mumkin.

Amalda esa banklar tillani qaytarib sotib olishda joriy sotuv kursidan 3.5-4.5% pastroq narx belgilaydi.

Markaziy bank yuborgan so'rovimizga quyidagicha javob berdi:

Marja va chegirma miqdori oltin quymalarini muomalaga chiqarish bilan bog'liq operatsion xarajatlarni hisobga olgan holda belgilanadi.

Misol uchun, Toshkent banklaridagi 04.11.2024-yil holatidagi narxlar quyidagicha:

Bank

Sotish narxi

Qayta sotib olish narxi

Sotish narxidan necha % past

O‘zmilliybank 5 807 000 5 582 000 4.03%
Asaka bank
O‘zsanoatqurilishbank
Asia Alliance Bank
Kapital Bank
Hamkorbank
Agrobank
Orient Finans Bank 5 577 000 4.12%
Ipoteka Bank Sotib olinmaydi
Mikrokreditbank

Foydani hisoblash uchun misol

Masalan, agar 2024-yil 1-may kuni 5 grammli quymani 4 837 000 so‘mga sotib olgan bo‘lsangiz va 2024-yil 31-oktyabrda quyma narxi 5 893 000 so‘mga yetganda, qaytarib sotib olish qiymati ko‘p banklar foydalanadigan foizga ko‘ra quyidagicha bo‘lar edi:

  • 4.03%: 5 654 186 - 4 837 000. Foyda 817 186 so‘m.

Ba’zi xaridorlar oltinni bankdan sotib olish va qaytarib sotish narxlari o‘rtasida joriy bozor narxi va chegirma miqdori tufayli farq bo‘lishi mumkinligini bilishmaydi. Agar xaridor oltinni yuqori narxda sotib olgan va qaytarib sotayotgan paytda oltinning bozor narxi pasaygan bo‘lsa, bu narxlar o‘rtasida sezilarli farq yuzaga kelishi tabiiy. Bu holat ko‘pincha noto‘g‘ri tushunchalarga sabab bo‘ladi:

Quymalarni bankdan sotib olish narxi sotish narxi bilan bir xil emas-ku. O‘tgan yili bankka qaytarib sotish narxi bankdan sotib olish narxidan 1-1,5 million so‘m past yurardi. Keyin ko‘pchilik banklar darhol to‘lov qilib bermaydi, sertifikati buzilmagan bo‘lsa ham, 15 kun ekspertizaga jo‘natadi.

Oltin sarmoyasi uzoq muddatga mo‘ljallanishi kerak. Eng yaxshi foyda olish uchun uni arzon narxda sotib olib, narxi oshganda sotish tavsiya etiladi.

Qayta sotishda oltin ekspertizasi qanday o‘tkaziladi?

Ekspertiza qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga javob bermaydigan quymalar uchun talab qilinadi. Bunday hollarda oltin Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga yuboriladi va u yerda uning tarkibi, vazni va texnik standartlarga mosligi tekshiriladi. Ushbu jarayon odatda yetti ish kuni davom etadi va ekspertiza xarajatlari Markaziy bank tomonidan qoplanadi.

Ekspertiza o‘tkazish tartibi:

  • Quymani rasmiylashtirish va yuborish: Bankda uch nusxada dalolatnoma rasmiylashtiriladi – biri bankda qoladi, ikkinchisi tilla egasiga beriladi, uchinchisi esa tilla bilan birga ekspertizaga yuboriladi.
  • Texnik tahlil o‘tkazish: Mutaxassislar quymani standartlarga mosligini tekshiradi, tarkibi va holati aniqlanadi. Quymaning asl ekanligini tasdiqlash uchun uning seriya raqami va boshqa identifikatsiya belgilari qadoqda tekshiriladi.
  • Hisobot va natijalarni taqdim etish: Ekspertiza tugagandan so‘ng, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi bankka va tilla egasiga uning asl ekanligi va holati haqida xulosa beradi. Shu asosda Markaziy bank amaldagi kurs va tillaning holatiga qarab chegirma asosida hisob-kitobni amalga oshiradi.

Quymalarni ekspertiza uchun topshirish to‘g‘risida dalolatnomaning ko‘rinishi.Quymalarni ekspertiza uchun topshirish to‘g‘risida dalolatnomaning ko‘rinishi.

Agar ekspertiza davomida tillaning qalbakilashtirilganligi aniqlansa, bunday tilla egasiga qaytarilmaydi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi.

Oltin quymalarining qadoqlanishi va himoya elementlari

Quymalarning qadoqlanishi ham maxsus e’tiborni talab qiladi. Har bir quyma texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi identifikatsiya raqamiga ega sertifikat bilan chiqariladi. 

Oltin quymalar Italiyaning "Certiline Srl." kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan maxsus qadoqlarda muomalaga chiqariladi. Har bir quymaning qadog‘i va o‘zi bir xil seriya raqamiga ega bo‘lib, bu uning asl ekanligini tasdiqlashga yordam beradi. Qadoqda uch turdagi himoya elementlari mavjud:

  • Kriptoprint – qadoq ochilganda ko‘rinadigan himoya elementi;
  • Himoya membranasi – qadoq ochilganda rangini o‘zgartiradi;
  • QR-kod – quymaning asl ekanligini tasdiqlash uchun.

Foto: finlit.uzFoto: finlit.uz

Agar quymani kelajakda qayta sotmoqchi bo‘lsangiz, himoya qatlamini ochish tavsiya etilmaydi, chunki himoya buzilganda quymaning narxi tushadi.

Quymalarni himoyalangan qadoqlarda uyda saqlash yoki bankda individual bank yacheykalarini ijaraga olish orqali saqlash mumkin. 

Xulosa

Tilla doimiy qimmatlashish xususiyatiga ega bo‘lib, uni saqlash va uzoq muddatli sarmoya sifatida ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Biroq, qisqa muddatda katta foyda kutayotganlar uchun quymalar unchalik daromadli bo‘lmasligi mumkin. Bu usul passiv daromad keltirmaydi va faqat sotilganda foyda beradi. Inqiroz davrida tillaning qiymati boshqa aktivlarga nisbatan barqaror bo‘lib qoladi, bu uni kapitalni xavfsiz saqlash uchun ishonchli variantga aylantiradi. Shuning uchun, oltin asosan xavfsiz va uzoq muddatli kapital jamg‘arish uchun tavsiya etiladi.

Oltinga pul tikish vaqti keldimi?
Fikr qoldiring
Barcha sharhlar chop etilishidan oldin moderatsiyadan o'tadi