Lifehack
11 noyabr
views2K

Ishga joylashish uchun rezyumeni qanday to‘g‘ri tuzish kerak?

Ish qidirishda rezyume — bu sizni tanituvchi asosiy vosita. Yaxshi tuzilgan rezyume ish beruvchining e’tiborini jalb qilib, boshqa nomzodlar orasida ajralib turishingizga yordam beradi. Quyida muvaffaqiyatli rezyume tayyorlashda e’tibor berish kerak bo‘lgan asosiy qoidalarni keltiramiz.
article-image

Foto: antipotok.ru

Rezyume to'ldirish

Rezyume nima va u nima uchun yoziladi?

Rezyume — ish qidirayotgan shaxsning qisqacha tavsifnoma hujjati bo‘lib, uning asosiy vazifasi nomzod va ish beruvchining o‘zaro mosligini aniqlashdir. Ish beruvchi rezyume orqali nomzodning tajribasi va yutuqlarini baholaydi va ularni o‘z talablariga solishtiradi. Agar nomzodning tajribasi yetarli bo‘lmasa, ish beruvchi uning taʼlimi va shaxsiy fazilatlarini ham ko‘rib chiqadi.

Rezyumeni qayerda to‘ldirish kerak? 

Rezyume yaratish uchun bir necha usullar mavjud: ish qidirish saytlari yoki oddiy Word va agar Google akkauntingiz bo‘lsa, Google Docs dasturlaridan foydalanish mumkin.

Eng keng tarqalgan usul — hh.uz kabi ish qidirish saytida rezyume shaklini to‘ldirish. Bu usulda, nomzod shu saytning o‘zida joylashtirilgan vakansiyalarga murojaat qiladi.

Agar ish beruvchi rezyumeni elektron pochta orqali yuborishni so‘rasa, hh.uz saytida tayyorlangan shablonni yuklab olish yoki alohida rezyume tayyorlash mumkin. Lekin bu saytda rezyume rus tilida to‘ldiriladi. O‘zbek tilida yoki alohida rezyume kerak bo‘lsa, cvgun.io va prof.maktab.uz  kabi saytlarda tayyor shablonni to'ldirish mumkin.

Rezyume uchun tayyor shablon namunasiRezyume uchun tayyor shablon namunasi

Agar vakansiya rus tilida e'lon qilingan bo‘lsa, rezyumeni rus tilida, o‘zbek tilida bo‘lsa, o‘zbek tilida yuborish tavsiya etiladi. Bu malakangizni ish beruvchiga qulay shaklda yetkazish imkonini beradi.

Rezyume yozish bo‘yicha asosiy tavsiyalar

Ish beruvchining e’tiborini tortadigan rezyume yozish uchun quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:

Qisqalik va aniq ma’lumot
Rezyume ikki sahifadan oshmasligi lozim, undagi maʼlumotlar qisqa va aniq bo‘lishi kerak. Faqat ish beruvchi uchun muhim bo‘lgan tafsilotlarni kiriting. Masalan, agar buxgalter lavozimiga murojaat qilayotgan bo‘lsangiz, kompyuter dasturlarini yaxshi bilishingizni qo‘shimcha ko‘nikma sifatida ko‘rsatish shart emas — bu lavozim uchun bu ko‘nikma kutiladi. Hujjat qisqa, mazmunli va aniq ma’lumotlarni ifodalashi kerak.

Haqqoniylik
Tajribangiz, yutuqlaringiz yoki yoshingiz haqida haqqoniy ma’lumotlar bering. Noto‘g‘ri maʼlumot kiritish ish jarayonida noqulayliklar tug‘dirishi va ishonchni yo‘qotishingizga olib kelishi mumkin. Tajribangiz yetarli bo‘lmasa, o‘rganishga tayyor ekaningizni ta’kidlang.

Maqsadga yo‘naltirilganlik va tanlab olish
Rezyume aniq bir lavozimga mos keladigan tajriba va ko‘nikmalarni o‘z ichiga olishi kerak. Masalan, agar marketing sohasidagi lavozimga daʼvogarlik qilsangiz, faqat shu sohaga tegishli yutuq va malakalarni yozing, boshqa kasblarga oid tafsilotlarni kiritmang.

Rezyume bu — birinchi taassurot

Rezyume ishga qabul qilish uchun o‘zingiz haqingizda qisqa, aniq va maqsadga yo‘naltirilgan ma’lumotlarni taqdim etuvchi alohida hujjat bo‘lishi lozim. Agar ish beruvchiga ko‘plab nomzodlar murojaat qilayotgan bo‘lsa, to‘g‘ri tuzilgan rezyume diqqatni tortadi va dastlabki tanlovdan o‘tish imkoniyatini oshiradi. Buning uchun:

  • Bozorni o‘rganing: Talab va takliflarni ko‘rib chiqing, shunda raqobatni baholash va rezyumeni maqsadli tuzish osonlashadi.
  • Natijalarni ko‘rsating: Yutuqlaringizni raqamlar va aniq natijalar bilan ifodalang. Masalan, “savdoni 30% ga oshirganman” kabi aniq natijalarni kiritish foydali.
  • Chet tillar darajasini ko‘rsating: Ayniqsa, Intermediate darajasidan yuqori darajadagi tillarni bilsangiz, bu sizga raqobatchilar oldida ustunlik beradi.
  • Shaxsingizni ko‘rsating: Agar ijtimoiy tarmoqlarda professional sifatida faol bo‘lsangiz, ularga havola qoldirish o‘zingiz haqingizda to‘liqroq taassurot qoldiradi va malakangizni tasdiqlaydi. 

Rezyumening tarkibi

Rezyume har doim mantiqiy va aniq tuzilishga ega bo‘lishi kerak. Quyida har bir bo‘limni qanday to‘ldirish haqida qisqacha tavsiyalar keltirilgan.

  • Hujjat nomi: Murojaat qilayotgan lavozimingizni aniq ko‘rsating. Agar rezyumeni Word yoki Google Docsda yozayotgan bo‘lsangiz, fayl nomida o‘zingizning ismingiz va lavozimni kiriting (masalan: “Ism Sharif, ofis-menejer”). Bu ish beruvchiga hujjatlarni tartibga solishda yordam beradi.
  • Maqsadli lavozim: "Lavozim" bo‘limida faqat bitta aniq lavozimni ko‘rsating. Lavozim nomi sodda va tushunarli bo‘lishi kerak (masalan: “buxgalter” yoki “internet-marketolog”). Ixtisoslashgan yo‘nalishingiz bo‘lsa, masalan, “tipografiya bo‘yicha tijorat direktori” deb qo‘shimcha qo‘shing.
  • Rasm: Rasm bilan taqdim etilgan rezyumelar ko‘proq e’tiborni tortadi. Surat professional va neytral fonda, ish joyiga mos kiyimda, faqat yuzingiz aks etgan holda bo‘lishi kerak.
  • Aloqa ma’lumotlari: Ishlaydigan telefon raqamingiz va jiddiy, ish uchun mos elektron pochta manzilingizni ko‘rsating.
  • Yashash joyi: Yashayotgan shahringiz va (Toshkentda bo‘lsangiz) yaqin metro bekatini yoki (boshqa viloyatlarda bo‘lsangiz) ko‘cha yoki rayon nomini kiriting. To‘liq uy manzilini kiritish shart emas.
  • Ta’lim darajasi: O‘qigan OTM, mutaxassislik va bitirgan yilingizni yozing. Bir nechta diplomingiz bo‘lsa, lavozim uchun tegishli bo‘lganini tanlang. Kasbingizga tegishli kurslar yoki malaka oshirish haqida qisqacha ma’lumot qo‘shing.
  • Ish tajribasi: Ish tajribangizni oxirgi ish joyingizdan boshlab ketma-ketlikda sanab o‘ting. So‘nggi 3-5 yillik tajribangizga e’tibor qarating. Lavozimingiz, majburiyatlaringiz va kompaniyaning faoliyat yo‘nalishini qisqacha bayon qiling.
  • Yutuqlar: Yutuqlar ish beruvchiga sizning qobiliyatingiz haqida yaxshiroq tasavvur beradi. Masalan, “Savdo hajmini 30% ga oshirdim.”
  • Asosiy ko‘nikmalar: Ish uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalarni yozing. Masalan, buxgalter uchun hujjatlarni to‘ldirish, hisobotlarni topshirish va h.k.
  • Shaxsiy sifatlar: Shaxsiy fazilatlaringizni qisqa va aniq yozing (masalan: “mas’uliyatli,” “tushunchali”).
  • Tavsiyanomalar: Agar oldingi ish joyidan tavsiyanoma mavjud bo‘lsa, uni rezyume oxiriga kiritish mumkin. Tavsiyanoma bergan shaxsning ismi, lavozimi va telefon raqami yetarli.
  • Natijani tekshirish: Barcha ma’lumotlarni yozganingizdan so‘ng, hujjatni xatolar va ketma-ketlikka tekshiring. Bir necha marta o‘qib chiqishni tavsiya etamiz; kichik xatolar ham yomon taassurot qoldirishi mumkin.

Tayyor rezyume namunalari. Foto: adrianadian.comTayyor rezyume namunalari. Foto: adrianadian.com

Rezyume tuzishda asosiy xatolar

  • Aniqlik yo‘qligi: Rezyumeda aniq lavozim ko‘rsatilishi kerak. Bir nechta lavozimlarni birga yozishdan saqlaning (masalan, “Savdo menejeri, kotib va rahbar yordamchisi” kabi). Har bir lavozim uchun alohida rezyume tayyorlang.

  • Keraksiz ma’lumotlar: Faqat lavozimga mos va ish beruvchi uchun foydali ma’lumotlarni kiriting. Shaxsiy tafsilotlar yoki mavzuga aloqasiz ish tajribasini yozmaslik tavsiya etiladi.

  • Yetarli ma’lumotning yo‘qligi: Rezyumeda ko‘nikma, bilim va shaxsiy fazilatlaringiz aniq va lo‘nda ifoda etilishi lozim. Bu, ish beruvchiga siz haqingizda to‘liqroq tasavvur hosil qilishda yordam beradi.

  • Noto‘g‘ri ma’lumot: Rezyumedagi barcha ma’lumotlar haqqoniy va to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Agar suhbatda rezyumedagi ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa, ishonchni yo‘qotasiz.

  • Noo‘rin rasm: Ish uchun mos, neytral fonda va professional ko‘rinishingizga mos rasm tanlang. 

  • Tuzilish yo‘qligi: Rezyume tuzilmasi aniq va o‘quvchiga qulay bo‘lishi kerak. Tayyor shablonlardan foydalanish orqali hujjatni yanada tartibli qilish mumkin.

  • Ish tajribasini noto‘g‘ri tartibda keltirish: Ish tajribangizni eng so‘nggi lavozimdan boshlab teskari xronologik tartibda yozing. Maktabni tugatishdan emas, oxirgi ish joyingizdan boshlash ish beruvchiga sizning dolzarb tajribangizni tezroq ko‘rishga yordam beradi.

  • Rezyume o‘rniga ma'lumotnoma yuborish: Rezyume o‘rniga ish joyidan ma'lumotnoma (Obyektivka) jo‘natish ham keng tarqalgan xatolardan biri. Bunday ma'lumotnoma ishchilar haqida umumiy ma’lumotlar beruvchi rasmiy hujjat bo‘lib, ishga kirish jarayonida to‘liq va maqsadli rezyumega qaraganda kamroq ma’lumot beradi. 

Yomon rezyume namunasi:

Yaxshi rezyume namunasi:

Ism: Ibrohim Ibrohimov
Telefon: +998 (90) 123-45-67
E-mail: ibrahimov@example.com

Maqsad: Ish topish.

Ish tajribasi:

  • ABC Kompaniyasi
    • Lavozim: Menedjer
    • Vazifalar: Vazifalarni bajardim, mijozlar bilan ishladim, savdolarni nazorat qildim.
    • Ishlash davri: 2019 - 2023
  • XYZ Kompaniyasi
    • Lavozim: Yordamchi
    • Vazifalar: Menedjerlarga yordam berdim.
    • Ishlash davri: 2017 - 2019

Ism va Familiya: Ibrohim Ibrohimov
Kontaktlar:

  • Telefon: +998 (90) 123-45-67
  • E-mail: ibrahimov@example.com
  • hh.uz: (rezyumega havola)

Maqsad:
4 yillik tajribaga ega bo‘lgan B2B va B2C sohalarida savdo menedjeri sifatida savdo hajmini oshirish va mijozlar bilan mustahkam aloqalarni rivojlantirish imkoniyatini qidirmoqdaman. O‘zimning savdo boshqaruvi va strategiyalarni rivojlantirish borasidagi ko‘nikmalarimni kuchli korporativ madaniyatga ega kompaniyada qo‘llashni xohlayman.

Ish tajribasi:

  • ABC Kompaniyasi
    Lavozim: Savdo bo‘yicha menedjer
    Ishlash davri: Iyul 2019 — May 2023
    Asosiy natijalar va vazifalar:
    • Savdo hajmini birinchi yilda 25% ga oshirdim, yangi savdo strategiyalari ishlab chiqib, mijozlar bilan aloqalarni mustahkamlashga erishdim.
    • 100+ kompaniyadan iborat mustahkam mijoz bazasini yaratdim va takroriy sotuvlar hajmini 40% ga oshirdim.
    • Yangi xodimlar uchun treninglar o‘tkazdim, bu esa ularning moslashish vaqtini 20% ga qisqartirdi.
  • XYZ Kompaniyasi
    Lavozim: Savdo bo‘yicha yordamchi menedjer
    Ishlash davri: Iyun 2017 — Iyul 2019
    Asosiy natijalar va vazifalar:
    • Haftasiga 50 dan ortiq arizalarni qayta ishlash orqali mijozlarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatdim.
    • Savdo bo‘yicha menedjerlarni faol qo‘llab-quvvatladim, natijada buyurtmalarni qayta ishlash vaqti 15% ga qisqardi.

Ta’lim:

  • Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti, Iqtisodiyot fakulteti, bakalavr. Tugatgan yili: 2017

Ko'nikmalar:

  • CRM tizimlari bilan yuqori darajada ishlash (Salesforce, HubSpot).
  • A’lo darajadagi kommunikatsiya ko‘nikmalari va mojarolarni hal qilish qobiliyati.
  • Samaradorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun ma’lumotlarni tahlil qilish (MS Excel, Power BI).

Qo'shimcha ma'lumotlar:

  • Ingliz tilini erkin bilaman (B2 daraja).
  • Loyihalarni boshqarish bo‘yicha sertifikat (PMP), 2022.

Mutaxassislar qo‘shimcha xat yozishni deyarli barcha holatlarda tavsiya etadi, faqat sotuvchi yoki kassir kabi ommaviy lavozimlarga ariza berishda qo‘shimcha xatni  istisno qilish mumkin. Bunday holatlarda ish beruvchilar odatda tajribaga ko‘proq e’tibor qaratishadi.

Qo‘shimcha xat yozishda asosiy jihatlar:

  • Xatda aynan nima uchun shu vakansiyaga mos ekaningizni tushuntiring. Har bir xatni aniq kompaniya va lavozim uchun moslashtiring. Shunday qilib, ish beruvchi sizning haqiqiy qiziqishingizni his etadi.
  • Rezyumeni qayta bayon qilish yoki biografiyangizni batafsil yozish shart emas. Yaxshisi, nega aynan shu lavozimga mos ekaningizni va qanday yutuqlarga erishganingizni ko‘rsating. Agar sizga tajriba yetishmasa, nimani o‘rganayotganingiz va nimalarga tayyor ekanligingiz haqida qisqacha ma’lumot bering.
  • Qo‘shimcha xat qisqa, lekin mazmunli bo‘lishi kerak. Faqat asosiy jihatlarni bayon qiling.

Internet-marketolog lavozimi uchun qo‘shimcha xat misoli:

Vakansiya talablari:

  • Oliy ta’lim;
  • Internet-marketing bo‘yicha qo‘shimcha ta’lim;
  • Kamida olti oy reklama va marketing sohasida tajriba;
  • Veb-analitika tizimlari bo‘yicha ko‘nikma;
  • Kontekst reklama tajribasi;
  • Excel dasturini yaxshi bilish.

Qo‘shimcha xat mazmuni:

  • Oliy ta’limni iqtisod sohasida tamomlaganman;
  • 2019-yilda internet-marketolog kursini tugatganman;
  • Reklama va marketingda bir yillik tajribam bor;
  • Google Analytics va Yandex.Metrika tizimlarini yaxshi bilaman va sertifikatlarim bor;
  • O‘zim mustaqil ravishda 20 ta reklama kampaniyasini ishga tushirdim;
  • Excelda VPR formulasi va svod jadval bilan ishlashni bilaman.

Agar barcha talablarga to‘liq mos kelmasangiz, bu haqida yozing. Masalan:

  • Vakansiya talablari: Ijtimoiy tarmoqlarda reklama olib borish tajribasi.
  • Qo‘shimcha xatdagi javob: Ijtimoiy tarmoqlarda reklama faoliyatini mustaqil o‘rganmoqdaman va haqiqiy mijozlar uchun reklama kampaniyalarni amalga oshirishga tayyorman.

Vakansiyaga ideal mos kelishingiz, lavozimga qiziqishingiz va ishga kirish istagingizni aniq ifodalashingiz mumkin, ammo suhbatga chaqirilmasligingiz ehtimoli doim mavjud. Nima uchun? Bu noma'lum: ehtimol, vakansiya allaqachon yopilgan, ehtimol, ish beruvchining ehtiyoji o‘zgargan yoki boshqa sabablar mavjud.

Bu omillarga ta’sir qilish imkoni bo‘lmasa ham, o‘zingizni yaxshi tarafdan ko‘rsatib, har bir vakansiyaga puxta tayyorlangan javob yuborish orqali imkoniyatlaringizni oshirishingiz mumkin.

Xulosa

  • Rezyume ish beruvchi va nomzodning o‘zaro mosligini aniqlashga yordam beradi.
  • Hujjat qisqa, tartibli va dolzarb maʼlumotlarni o‘z ichiga olishi lozim.
  • Vakansiyaga mos tajribangizni va raqamli ko‘rsatkichlar yordamida yutuqlaringizni ko‘rsating.
  • Qo'shimcha xat orqali ushbu lavozim uchun qanday afzalliklaringiz borligini bayon qiling.
  • Baʼzi hollarda, dizayner yoki muharrir kabi kasblar uchun qisqa o‘zini tanishtirish xati va portfolio rezyumega qaraganda afzalroq bo‘lishi mumkin.
Fikr qoldiring
Barcha sharhlar chop etilishidan oldin moderatsiyadan o'tadi