Yevro-2024 finaliga borish necha pul turadi?
Yevropa futbol chempionati 14-iyundan 14-iyulgacha Germaniyaning 10 shahrida bo'lib o'tmoqda. Yarim final o'yinlari Myunxen va Dortmundda, final esa Berlinda o'tkaziladi. Agar siz eng mashhur futbol musobaqalaridan birining finaliga tashrif buyurmoqchi bo‘lsangiz, quyida buni qanday amalga oshirilishi haqida ma’lumot beramiz.
Yevro-2024 chiptalari qanday sotiladi?
Yevropa chempionati 2024-yili uchun chiptalarni UEFAning rasmiy saytida xarid qilish mumkin edi. Yevro-2024 chiptalarining sotuvi bir necha bosqichda bo‘lib o‘tgan:
- Birinchi bosqich: 2023-yil oktyabr oyida o‘tdi: o‘shanda barcha istovchilar lotereyada qatnashish uchun ariza berishlari mumkin edi.
- Ikkinchi bosqich: 2023-yil dekabr oyida bo'lib o'tdi.
- Uchinchi bosqich: Pley-off o'yinlari tugaganidan keyin lotereya shaklida bo'lib o'tgan. Keyingi bosqich boshlanguniga qadar futbol ishqibozlari chiptalarni 2024-yil mart oyida ochiladigan qayta sotish platformasida xarid qilishlari mumkin edi.
- To'rtinchi bosqich: Bu bosqichda sotilmay qolgan chiptalar erkin savdoga chiqadi. Bu 2024-yil may oyida amalga oshirildi.
- Beshinchi bosqich: Yevro-2024 guruh bosqichi tugaganidan keyin bo'lib o'tadi. Shunda pley-off bosqichida qatnashadigan jamoalarning chiptalarini xarid qilish imkoniyati paydo bo'ladi.
Chipta sotib olish uchun har bir xaridor qaysi jamoaning muxlisi ekanligingizni ko'rsatishi kerak. Bunda faqat bitta davlatni ko'rsatish mumkin. Shu tarzda tashkilotchilar muxlislarni teng taqsimlashadi.
Hali ham chiptalar sotib olish mumkinmi? Hozirgi vaqtda rasmiy sotuvda mavjud chiptalar yo'q. Ammo, chiptalarni boshqa manbalardan sotib olish imkoniyati mavjud. Quyida bu haqida batafsilroq ma'lumot beramiz.
Yevro-2024 chiptalar narxi
Ochilish o'yinlari uchun rasmiy narxlar 50 yevrodan boshlangan, ammo bu toifadagi chiptalar birinchi bo'lib sotildi.
Chiptalar bir nechta toifalarga bo'lingan. UEFA rasmiy saytida final chiptalari uchun narxlar quyidagicha bo'lgan:
- Fans First: 100 yevrodan boshlangan.
- Category 3: 300 yevrodan boshlangan.
- Category 2: 600 yevrodan boshlangan.
- Category 1: 1000 yevrodan boshlangan.
- Prime: 2000 yevro.
Valyutalar konverteri
O'yinlarga kirish uchun Fan ID kerak emasligi olib-sotarlarga imkoniyat yaratdi. Stubhub yoki Seatsnet kabi yirik internet bozorlari mavjud bo'lib, ularda odamlar o'z chiptalarini tadbirlarga qo'shimcha katta haq evaziga qayta sotishadi.
Masalan, Stubhub saytidagi Berlindagi final uchun 3-toifa chiptalarining narxi may oyida 1490 yevrodan (300 yevro o'rniga) bo'lgan. 3-iyul holatiga ko'ra esa, xuddi shunday chipta narxi 1690 yevrodan boshlanmoqda.
Iyul oyining boshidagi holatga ko'ra, 14-iyulgacha ko'plab boshqa saytlar va platformalar ham chiptalarni qayta sotish bilan shug'ullanmoqda. Albatta, ularning narxi bir necha barobar qimmat. Ikkilamchi bozor orqali chiptalarni sotib olishda saytlarni tekshirish va ehtiyotkor bo'lish muhim.
Chiptalarni to'g'ridan-to'g'ri stadion yonida, o'yindan 1-2 soat oldin sotib olish ham mumkin, ammo bu usul eng so'nggi chora bo'lib, firibgarlarga duch kelish ehtimoli yuqori.
Germaniyaga viza olish
O'zbekiston fuqarolari Germaniyaga borish uchun Shengen vizasini olishlari kerak. Buning uchun Germaniya elchixonasiga murojaat qilish lozim. Yevro-2024 uchun alohida viza toifasi mavjud emas.
Vizaga ariza berish:
- Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi faqat Visametric kompaniyasi orqali xizmat ko'rsatadi. Visametric xizmati qo'shimcha yig'im oladi.
- 2024 yil 11-iyundan boshlab Shengen vizasi uchun konsullik yig'imi 90 yevro, 6-12 yoshdagi bolalar uchun 45 yevro. To'lov o'zbek so'mida amalga oshiriladi.
- 5 yoshgacha bo'lgan bolalar, Yevropa Ittifoqi fuqarolarining turmush o'rtog'i va voyaga yetmagan farzandlari uchun yig'im olinmaydi.
- Elchixona qo'shimcha hujjatlar talab qilishi mumkin. Hujjatlarni topshirish viza berilishini kafolatlamaydi.
Germaniyaga borishni rejalashtirayotgan bo'lsangiz, vizaga sayohatdan bir necha oy oldin murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Amaldagi Shengen vizangiz bo'lmasa, chipta olsangiz ham musobaqaning finaliga ulgurmasligingiz mumkin.
Berlinga qanday yetib borish mumkin?
2024-yilning iyun-iyul oylari holatiga ko'ra, Berlinga to'g'ridan-to'g'ri uchadigan reyslar mavjud emas. Faqat reys almashtirish bilan uchsa bo'ladigan reyslar mavjud bo'lib, eng qisqa parvoz 23 soatni tashkil etadi. Bunday chiptalar bagajsiz iyun-iyul oylarida 2,5 million so'mdan 4,5 million so'mgacha bo'lgan narxni tashkil qiladi.
To'g'ridan-to'g'ri reys bilan uchmoqchi bo'lganlar Toshkent-Myunxen yo'nalishida juma va yakshanba kunlari charterli reyslar bilan uchishlari mumkin.
To'g'ridan-to'g'ri parvoz 7 soat davom etadi. Narxlar esa 4,2 milliondan 5 million so'mgacha bo'ladi. Hatto 14-iyul kuniga ham hozirda Uzbekistan Airways kompaniyasining chiptalari mavjud.
Myunxendan Berlinga avtomobil, avtobus, poyezd yoki samolyot orqali yetib borish mumkin. Narxlar 20 yevrodan 350 yevrogacha farqlanadi. Eng maqbul harakatlanish yo'li poyezd bo'lib, Myunxendan Berlingacha 4 soatda yetib borish mumkin. Lekin poyezdlar bir soatga, ikki soatga yoki undan ko‘proq vaqtga kechikishi mumkin. Shuning uchun Berlinga o‘yindan kamida bir kun oldin yetib kelish tavsiya etiladi.
Deutsche Bahn futbol uchrashuviga chiptasi borlarga poyezdlar uchun maxsus chiptalar chiqardi. Ularning narxi 29.90 yevro bo‘lib, bu chiptalar bilan har qanday shahardan o‘yin o‘tkaziladigan shaharga borish mumkin. Poyezd chiptalarini faqat rasmiy havola orqali sotib olish mumkin.
Germaniyada mehmonxona narxlari
Yevro-2024 mavsumida oldindan mehmonxona bron qilmagan bo'lsangiz, joylashish biroz qiyinroq bo'lishi mumkin. Turistik mavsumda narxlar ancha yuqori bo'ladi, o'yin kunlarida esa arzon mehmonxona topish yanada murakkablashadi. Masalan, 9-iyul kuni yarim final o'yini o'tkaziladigan Myunxenda mehmonxonalar narxlari ikki kishilik bir kecha uchun 150 yevroni tashkil qilgan. Boshqa kunlarda esa mehmonxonalarni 100 yevrodan topish mumkin edi.
Berlinda esa eng arzon va Booking reytingi bo'yicha 10 dan 6 ballga ega mehmonxonalarda 3 kechaga qolish narxi 120 yevrodan boshlanmoqda.
Xulosa
Demak, yuqoridagi narxlardan kelib chiqqan holda Yevro-2024 finaliga borish uchun minimal xarajatlarni hisoblab chiqamiz:
- O'yin chiptalari: 1800 yevro;
- Yo'l:
Myunxengacha chiptalar: 340 yevro + 340 yevro (borish va qaytish);
Myunxendan Berlingacha poyezd chiptalari: 30 yevro + 30 yevro (borish va qaytish);
- Turar joy: Masalan, 1 kecha uchun 100 yevrodan 2 kecha;
- Oziq-ovqat va mahalliy transport: Kuniga 100 yevrodan 300 yevro;
Jami: 3040 yevro
Shu tariqa, agar sizda amaldagi Shengen vizasi bo'lsa, Yevro-2024 finaliga 3 kunga borish uchun minimal xarajatlar taxminan 3040 yevrodan iborat bo'ladi.