Nega bir vaqtda bir nechta bankka kredit arizasi topshirish tavsiya etilmaydi?
Kredit nimaga rad etilishi mumkin?
- Mijozning xatti-harakatlari bank uchun shubhali ko‘rinishi
Bir vaqtda bir nechta bankka kredit so‘rab murojaat qilish kredit tarixiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Banklar bunday mijozni xavfli deb hisoblashadi, chunki ko‘plab arizalar moliyaviy qiyinchilik yoki tavakkal belgisi sifatida qabul qilinadi. Bunday vaziyatda banklar ehtiyotkorlik bilan yondashib, kredit bermaslikka qaror qilishlari mumkin.
- Qarz yuki ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishi
Qarz yuki ko‘rsatkichi mijozning barcha kredit va mikroqarzlari bo‘yicha oylik to‘lovlarining uning o‘rtacha oylik daromadiga nisbati hisoblanadi. Banklar bu ko‘rsatkichni nazorat qiladi: ipoteka kreditlari uchun qarz yuki 70%dan, boshqa kredit va mikroqarzlar uchun esa 50%dan oshmasligi kerak. Agar mijozning qarz yuki ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa, bank bu mijozni yuqori xavfga ega deb biladi va arizani rad etadi.
Turli banklarga kreditga qancha ko‘p ariza qoldirsangiz, arizani tasdiqlash ehtimoli shunchalik kamayadi.
Banklar qarz oluvchi haqida ma’lumotni qayerdan oladi?
Kredit axborot-tahlil markazi (KATM) banklarga kredit berish bo‘yicha qaror qabul qilishda yordam beruvchi maxsus tashkilot hisoblanadi va barcha kredit tarixlarini yuritadi. Ushbu markaz qarz oluvchilar haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, yagona bazaga joylashtiradi hamda banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan ulashadi. Banklar esa mijozlarni ushbu ma’lumotlar orqali baholaydi.
Har bir JShShIR raqamiga ega shaxsning kredit tarixi mavjud, hattoki agar siz biror marta ham kredit olmagan bo‘lsangiz ham, kredit tarixingiz shakllangan bo‘ladi, faqat unda faoliyat yozuvlari bo‘lmaydi.
Har bir bank KATM bazasiga ulangan va real vaqt rejimida ma’lumot oladi. Banklar ushbu bazadan foydalanib mijozning reytingini belgilaydi — bu jarayon “skoring” deb ataladi. Banklarning skoring algoritmlari muntazam yangilanib, maxfiy saqlanadi, bu firibgarliklarning oldini olishga yordam beradi.
KATM bazasida skoring uchun zarur barcha ma’lumotlar mavjud: qancha qarz olganingiz, to‘lovlarni qanchalik o‘z vaqtida amalga oshirganingiz va hozirgi qarz yukingiz. Agar mijozning oldin kechiktirilgan to‘lovlari bo‘lgan bo‘lsa, bank KATMga so‘rov yuboradi va yomon kredit tarixini ko‘rib, qarz bermaslikka qaror qilishi mumkin.Qarzdorlikni to‘liq to‘lamagan mijoz boshqa banklar uchun ishonchsiz mijozga aylanishi ehtimoli ortadi.
Muhim jihat shundaki, bankka yuborilgan har bir qarz so‘rovi ham kredit tarixida qayd etiladi. Bazaga nafaqat qarz to‘lovining kechikish faktlari, balki oddiy tekshiruv so‘rovlari ham kiritiladi. Shuning uchun skoring balliga barqaror daromad, ish staji, to‘lov intizomi va muddatidan oldin to‘lovlar bilan bir qatorda, qarz olish uchun yuborilgan arizalar soni ham ta’sir ko‘rsatadi. Hattoki, barcha banklarga atigi 10 daqiqa ichida qo‘ng‘iroq qilib chiqsangiz ham, ular buni bilib olishadi.
Lekin ba’zan tashkilotlarga ma’lumot berishni cheklash uchun “Kredit tarixini olishni cheklash” (freeze) xizmatidan foydalanishingiz mumkin.
Bankning bunday cheklovga qanday munosabatda bo‘lishi har bir bankning ichki siyosatiga bog‘liq. Ba’zi banklar bunday mijozni xavfli deb hisoblab, qarz bermasligi mumkin, boshqalar esa buni neytral qabul qilishi mumkin.
Agar bir-nechta ariza yuborgan bo‘lsangiz nima qilish kerak?
Agar bir nechta bankdan qarz olishga uringan bo‘lsangiz, kredit tarixingizga salbiy ta’sir o‘tkazib bo‘lgan bo‘lishingiz mumkin. Bu muammoni tezda tuzatishning imkoni yo‘q.
Agar mablag‘ darhol kerak bo‘lsa, tasdiqlangan birinchi taklifni qabul qilish eng yaxshi yo‘l. Muhimi — boshqa banklarga qayta-qayta murojaat qilishdan saqlaning, aks holda vaziyat yanada yomonlashadi.
Rad javobidan so‘ng, kredit olish uchun yana qancha kutish kerak? Agar zudlik bilan qarz olish zarurati bo‘lmasa, banklar ikki-uch oydan keyin ko‘plab arizalarni salbiy omil sifatida ko‘rib chiqishni to‘xtatishi mumkin.
Qachon bir-nechta arizalar zarar keltirmaydi?
Ba’zi hollarda banklar ko‘p arizalar bilan bog‘liq cheklovlarga neytral munosabatda bo‘lishadi:
- Ipoteka. Odatda, mijoz ipoteka kreditini olishda bir nechta bankka ariza topshirib, ular bilan bir vaqtning o‘zida muzokaralar olib boradi. Ipoteka naqd pul kreditlarga qaraganda o‘ziga xos shartlarga ega bo‘lganligi sababli, bunday holat odatiy hisoblanadi.
- Bankning ichki siyosati. Ba’zan banklarda qo‘shimcha mablag‘ ko‘payganda, ular mijozlar uchun talablarni yumshatadi va ko‘proq kreditlar berishga harakat qiladi. Bu davrda kredit olish shartlari ham ancha qulayroq bo‘lib, boshqa banklarga ariza topshirgan mijozlarga ham nisbatan yengil munosabatda bo‘lishlari mumkin. Agar siz ilgari bir nechta kredit arizasini ketma-ket topshirib, muammosiz kredit olgan bo‘lsangiz, ehtimol siz bankning aynan talablarni yumshatgan davriga to‘g‘ri kelgansiz.
Xulosa
Bir vaqtning o‘zida bir nechta bankka kredit so‘rab murojaat qilish kredit tarixingizga salbiy ta’sir qilishi va kredit olish imkoniyatlaringizni kamaytirishi mumkin. Banklar ko‘plab so‘rovlarni moliyaviy qiyinchilik yoki xavf alomati sifatida ko‘rishi sababli, bunday holatda ular kredit bermaslikka qaror qilishadi.
Kredit tarixini yaxshi saqlash uchun birgina eng yaxshi taklifni tanlab, qolgan arizalarni to‘xtatish tavsiya etiladi. Agar mablag‘ shoshilinch zarur bo‘lmasa, yangi murojaat qilishdan oldin ikki-uch oy kutish maqsadga muvofiq.
Ayrim holatlarda, masalan, ipoteka uchun, bir nechta murojaatlar kredit tarixiga katta ta’sir qilmasligi mumkin. Qarz oluvchi kredit arizasi haqidagi ma’lumotlarni kredit byurosiga yuborilishini cheklashi ham mumkin, ammo bu qaror kredit olish imkoniyatlarini pasaytiradi. Banklar bunday holatlarda qarz oluvchining ishonchliligiga shubha bilan qarashi mumkin.