Keshbekdan foydalanish halolmi?
O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo markazi hay’ati barcha bonus turlari bo‘yicha fatvo chiqarmagan bo‘lsalar-da, rasmiy kanalda aynan keshbek va chegirmalar masalasi to‘g‘risida aytib o‘tganlar.
Ular, o‘z rasmiy kanalida bu boradagi fikr-mulohazalarini savolga-javob tariqasida bildirganlar. “Foiz” atamasi shariatda taqiqlanmagani, bu atama turli sharoitlarda qonunlarni buzmasdan qo‘llanilishini aytib o‘tganlar. Javoblarida hayotning turli sohalaridan misollar keltirganlar:
Meros taqsimlashda ham mayyitdan qolgan mol mulkni taqsimlashda kimdir 20 foizini, yana kimdir 40 foizini oladi. Demak, yuqorida keltirilgan misollarga o‘xshagan masalalarda foiz so‘zini ishlatishda hech qanday muammo yoki shar’iy taqiq yo‘q.
Demak keshbek va bonusdagi "foiz" atamasi aldash yoki ribo yo‘qligi sababli islom qoidalariga zid emasligini ko‘rsatadi.
Fatvo markazi naqd pul berish rag‘bat sanaladigan va maqbul deb topilgan boshqa mamlakatlardan ham misollar keltirgan. Islomiy moliya sohasidagi taniqli olimlardan iqtibos keltirgan holda, ular turli aksiyalar va sodiqlik dasturlari orqali taqdim etilgan keshbekni sovg‘a yoki mukofot sifatida ko‘rish mumkinligini tasdiqlaydilar:
Ayrim savdogarlar ma’lum miqdorda mahsulotlarini sotib olgan xaridorlarga mukofot, bonus berish odati joriy bo‘lgan. Bu mukofotlarni gohida qur’a tashlash yo‘li orqali beradi. Savdogar bu ishni qilishdan maqsadi odamlar uning mahsulotni ko‘proq sotib olishlari uchun qiziqtirish maqsadida qiladi. Bu savdogar tomonidan va’da qilingan in’om, hadya hisoblanadi.
Demak, bu fikrdan kelib chiqib, aldamasdan olingan keshbek yoki mukofotni hadya sifatida qabul qilish mumkin, bu shariat nuqtayi nazaridan taqiqlanmagan.
Foizli chegirmalarga kelsak, ulardan foydalanish mumkinmi degan savolga quyidagicha javob berganlar:
Haq egasi haqqidan kechishi mumkin. Kompaniya o‘zining xizmatlaridan kechib, uni arzonlashtirishi joiz. Demak, o‘zlari shu chegirmani berayotgan bo‘lsalar, olish albatta, joiz. Foydalanish mumkin.
Berilgan javoblarga asoslanib, agar chegirma taqdim etilgunga qadar mahsulot yoki xizmat narxi sun’iy ravishda oshirilmagan bo‘lsa va chegirma bevosita kompaniya tomonidan taqdim etilsa, bunday chegirmadan foydalanish mumkin.
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi (QMDB) esa keshbek, kartalar va bonuslar to‘g‘risida yaqinda rasmiy fatvo chiqardilar. Ushbu fatvo bo‘yicha debet kartalardan keshbek olish halol, kredit kartalardan keshbek olish harom, ammo bonus va chegirma kartalariga ruxsat berilgan.
Shuningdek ushbu fatvo bo‘yicha:
- Favqulodda holatlarda kredit kartadan foydalanish uchta shart bajarilgan taqdirda oqlanishi mumkinligi keltirib o‘tildi: kredit foizsiz bo‘lishi kerak, to‘lov o‘z vaqtida bo‘lishi kerak va keshbekni xayriya ishlariga o‘tkazish kerak.
- Diskont kartalariga kelsak, ulardan foydalanish faqat bepul olingan taqdirdagina ruxsat etiladi. Biroq oshirilgan narxda yoki yillik to‘lov bilan sotiladigan diskont kartalardan foydalanish shariat qonunlarini buzish hisoblanishi aytildi.
- Bonus kartalariga shariat talablariga rioya qilgan holda ham ruxsat beriladi: bonuslar taqiqlangan tovarlarga sarflanmasligi, tovarga almashtirilganda komissiya undirilmasligi, bonuslar yordamida olingan tovarlarning narxi esa oddiy narxdan oshmasligi kerak.
Xulosa
Keshbek va bonus tizimlaridagi foiz atamasi islomga zid emas. Lekin, shuni tushunish kerakki, islom moliyaviy amaliyotida moliyaviy operatsiyalarni tartibga soluvchi muayyan tamoyillar mavjud. Ulardan biri riboni (qarz olishdan olinadigan foiz daromadi) harom qilishdir. Keshbek va bonus halol bo‘lsa-da, uning islom tamoyillariga zid bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim turlari mavjud. Misol uchun, kredit kartalari yoki kredit mahsulotlari orqali taqdim etiladigan keshbek dasturlari mavjud bo‘lib, ularda keshbek kreditni qaytarish jarayonining imtiyozi sifatida to‘lanadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, islom nuqtayi nazaridan keshbek va bonuslarning aksariyat shakllari halol deb e’tirof etilgan bo‘lsa-da, riboni taqiqlash bilan bog‘liq bo‘lgan islom tamoyillarini buzmaslik uchun ularning shartlari va mazmuniga e’tibor berish kerak.