Pul masalasi
1 noyabr
views731

Repetitorlar qancha pul topadi?

Ko‘pchilik talabalar hayotida hech bo‘lmasa bir marta repetitor yordamiga murojaat qilgan. So‘nggi paytlarda esa o‘quv markazlari ham katta mashhurlikka erishmoqda. Xo‘sh, bugungi kunda mustaqil repetitorlar va o‘quv markazlarida ishlaydigan o‘qituvchilar qancha daromad topadi? Quyida ularning daromadlarini solishtirib, farqlarni ko‘rib chiqamiz.
article-image

Foto: cebheinfo.az

Repetitorlarning daromadi qanday shakllanadi?

Repetitorlarning daromad miqdori bir qator omillarga bog‘liq. Asosiy farq esa ularning mustaqil ishlashlari yoki o‘quv markazlariga bog‘liq faoliyat olib borishlarida. Har bir yo‘nalishning o‘ziga xos afzalliklari va cheklovlari mavjud bo‘lib, bu omillar daromad miqdori, ish jadvali va o‘quvchilarga kirish imkoniyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

  • Mustaqil repetitorlar — o‘z dars jadvali va narxlarini mustaqil belgilashadi.
  • O‘quv markazlarida ishlaydigan repetitorlar — asosan qat’iy jadval asosida ishlashadi, belgilangan o‘quvchilar soni bilan mashg‘ulot olib borishadi va odatda barqaror oylik maoshga ega bo‘lishadi.
Enagalar qancha pul topadi?

Mustaqil repetitorlarning daromadi

Mustaqil repetitorlar dars narxlarini belgilashda bir qator omillarni hisobga olishadi: 

  • Masalan, chet tillarini o‘rgatuvchi repetitorlarda narxlar ancha farq qiladi: kimdir yuqori darajada IELTS sertifikatiga ega bo‘lsa-da, hali talaba bo‘lgani yoki yangi ish boshlagani uchun arzonroq narx belgilaydi. Shuningdek, ko‘pincha onlayn darslar uchun soatiga 50-60 ming so‘m atrofida narx belgilanadi. Boshqa repetitor esa til sohibi bilan tajriba orttirgani yoki chet elda o‘qiganini ko‘rsatib, oyiga 12 soatlik dars uchun 250 AQSh dollari kabi yuqori narxlar qo‘yadi. 

Valyutalar konverteri

USD
  • Matematika, kimyo, tarix va biolo kabi aniq va tabiiy fanlarda repetitorlik narxlarini belgilashda o‘qituvchilik tajribasi va dars turi muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash uchun dars beradigan repetitorlar odatda 60-70 ming so‘m atrofida narx belgilaydi, imtihonlarga tayyorlaydigan yoki o‘quvchi uyiga borib dars o‘tadigan repetitorlar esa dars narxini 100 ming so‘mdan yuqori qo‘yishadi.

Umumiy tahlil uchun barcha oylik narxlarni bir darsga mos ravishda bo‘lib chiqib, natijalarni moslashtirdik:

Fan Dars narxi (so‘m) Oylik daromad (12 dars/oy, 10 talaba)
Ingliz tili 50 ming - 255 ming* 6 mln - 30 mln 600 ming
Matematika 60 ming - 220 ming 7 mln 200 ming - 26 mln 400 ming
Ijtimoiy fanlar va tarix 70 ming - 100 ming 8 mln 400 ming - 12 mln
Rus tili va adabiyot 80 ming - 100 ming 9 mln 600 ming - 12 mln
Fizika, geometriya va biologiya 80 ming - 100 ming 9 mln 600 ming - 12 mln

*Hisob-kitob qilishda OLX platformasidagi e'lonlar va Repetitorlar assotsiatsiyasining telegramdagi kanalidan olingan ma’lumotlarni tahlil qildik.

Misol tariqasida haftasiga 3 marta dars beradigan repetitorning 10 nafar o‘quvchidan oladigan minimal va maksimal daromadini hisoblab chiqdik. Ammo, unutmaslik kerakki, 10 ta o‘quvchi topishning o‘zi ham ma’lum bir kuch va vaqt talab qiladi. Repetitorlar o‘quvchilar sonini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, bu o‘quvchilarni o‘zlari izlab topishlari lozim va bu ularning daromadiga ta’sir qiladi.

Tayyorlov kurslari qancha turadi?

O‘quv markazlaridagi repetitorlarning daromadi

Markazlardagi o‘qituvchilarning ish jadvali odatda 6 kunlik bo‘lib, har kuni 6-8 soatlik ish vaqtiga asoslanadi. Bunday muassasalarda o‘qituvchilar turli vazifalarni bajaradi: ayrimlari tajribali o‘qituvchi sifatida ishlasa, boshqalari yordamchi sifatida faoliyat olib boradi. Yordamchi o‘qituvchilarning yarim kunlik maoshi 1 million so‘mdan boshlanadi. Bu vazifa uchun tajriba talab qilinmaydi.

Quyida hh.uz saytida Toshkentdagi o‘quv markazlarida turli fanlar bo‘yicha eng keng tarqalgan vakansiyalar asosida oylik maoshlar darajasi keltirilgan.

Fan Talab etiladigan tajriba Oylik maosh
Fizika, geometriya va biologiya 1–3 yil 3 mln – 10 mln so‘m
Matematika 1–3 yil 3 mln – 15 mln so‘m
Ingliz tili 1–3 yil 3 mln – 15 mln so‘m
Rus tili va adabiyot 1–3 yil 3 mln – 15 mln so‘m
Ijtimoiy fanlar va tarix 1–3 yil 5 mln – 12 mln so‘m
Xitoy tili o‘qituvchisi 1–3 yil 5 mln – 12 mln so‘m
Koreys tili o‘qituvchisi (TOPIK) 1–3 yil 5 mln – 12 mln so‘m

O‘qituvchilarning oylik maoshi 3 million so‘mdan boshlanib, minimal bo‘lsa ham tajriba talab qilinadi. 8–10 million so‘m va undan yuqori daromad esa odatda uch yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan va maxsus malakali repetitorlarga beriladi.

Ayniqsa, chet tillarida dars o‘tuvchi o‘qituvchilar yuqori baholanadi. Masalan, fizikani ingliz tilida yoki matematikani rus tilida o‘rgatuvchi repetitorlar uchun maosh sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Xalqaro imtihonlarga tayyorlay oladigan yoki zamonaviy interaktiv texnologiyalardan foydalana oladigan o‘qituvchilar ham o‘z tajribalari tufayli yuqori maosh olishlari mumkin.

Bundan tashqari, yuqori malaka talab qiladigan huquqshunoslik kabi fanlar va tor ixtisoslikdagi mutaxassislar ham yuqori baholanadi. Masalan, koreys yoki xitoy tili repetitorlarining maoshi 5 million so‘mdan boshlanadi.

Xulosa

Repetitorning daromadi bir qator omillarga bog‘liq: mustaqil ishlaydimi yoki o‘quv markazida faoliyat yuritadimi, dars turi, yo‘nalishi va mavjud sertifikatlar daromadni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. 

Mustaqil repetitorlar dars jadvali va narxlarni o‘zlari mustaqil belgilashlari bilan birga, o‘quvchilarni ham o‘zlari topishlari kerak. Bu esa ma’lum vaqt va kuch talab qiladi, ammo ular har bir dars uchun yuqoriroq narx qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lib, kamroq o‘quvchi bilan ham yuqori daromadga erishishlari mumkin. Yetarli mijozlar bilan ishlayotgan tajribali repetitorlar o‘quv markazlaridagi o‘qituvchilar darajasida yoki undan ham yuqori daromadga ega bo‘lishlari mumkin.

Boshqa tomondan, o‘quv markazlarida ishlaydigan o‘qituvchilar barqaror oylik maosh va ijtimoiy kafolatlarga ega bo‘lib, ularning daromadi markazning obro‘si va o‘quvchilar soniga bog‘liq holda 1 milliondan 15 million so‘mgacha yetishi mumkin. Xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan chet tili o‘qituvchilari, tor ixtisoslik mutaxassislari yoki ko‘p yillik tajribaga ega o‘qituvchilar xizmatlarini qimmatroq baholash imkoniyatiga ega. Ular o‘quvchilarni qidirish bilan shug‘ullanmasdan, faqat o‘qitish jarayoniga e’tibor qaratadilar.

Xulosa qilib aytganda, malakali o‘qituvchilar har ikki yo‘nalishda ham o‘z tajribasini oshirib, yuqori daromadga erishish imkoniyatiga ega.

Abituriyentlar OTMga topshirishdan oldin nimalarni bilishlari kerak?
Fikr qoldiring
Barcha sharhlar chop etilishidan oldin moderatsiyadan o'tadi