Ozon orqali buyurtma qilish arziydimi?
Ozon platformasi haqida
Ozon 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Rossiya va MDH davlatlarida elektron tijoratning yetakchi platformalaridan biri hisoblanadi. Platforma ilk faoliyatini kitoblar savdosidan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda texnika, kiyim-kechak, kosmetika va boshqa mahsulotlarni taklif qiluvchi keng qamrovli onlayn-do‘konga aylangan.
Ozonning boshqa marketpleyslardan farqi
Ozonning Wildberries kabi platformalardan asosiy farqi ularning mahsulot assortimenti va xaridorlarga taqdim etayotgan xizmatlarida namoyon bo‘ladi.
Misol uchun Wildberries va TEMU ko‘pincha arzon narxdagi ommaviy tovarlarga e’tibor qaratadi, ayniqsa Xitoy mahsulotlari bu platformalar assortimentining katta ulushini tashkil qiladi. Ularda hamyonbop kiyim-kechak, poyabzal va kosmetika yetakchi mahsulotlar hisoblanadi.
Ozon esa jamoatchilik kompaniyasi sifatida asosan yuqori sifatli va brendli mahsulotlar taklif qiladi. Uning kuchli tomoni – texnika va maishiy brendli mahsulotlar. Masalan, maishiy texnika xarid qilishda ko‘pchilik Wildberries emas, aynan Ozonga ustunlik beradi.
Buyurtmalarni nafaqat Ozonning rasmiy qabul punktlaridan, balki pochta bo‘limlari yoki kuryerlik xizmatlari orqali ham olish imkoniyati mavjud. Biroq, yetkazib berish muddatlari ba’zan uzoq davom etishi yoki kutilmaganda bekor qilinishi mumkin.
Narxlar borasida Ozon ba’zi mahsulotlar uchun raqobatbardosh takliflarni taqdim etadi. Ayniqsa, mahalliy bozorda topilishi qiyin bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilishda Ozon yaxshi imkoniyat yaratadi.
Shu bilan birga, Ozon orqali buyurtma berganda bojxona talablari bo‘yicha pasport ma’lumotlarini kiritish zarur bo‘ladi. Bu talab barcha xorijiy internet-do‘konlarga tegishli bo‘lib, milliy platformalar, masalan, Uzum, bundan mustasno.
To‘lov qanday amalga oshiriladi?
Ozon orqali to‘lovni amalga oshirish uchun hozirda nafaqat xorijiy Visa va Mastercard, balki mahalliy Uzcard va Humo kartalaridan ham foydalanish mumkin. Shuningdek, virtual kartalar orqali to‘lov qilish imkoniyati ham mavjud.
Hozirda Ozonda “postoplata” — ya’ni mahsulotni olib, tekshirgandan keyin to‘lov qilish imkoniyati O‘zbekiston uchun mavjud emas.
To‘lovni amalga oshirganingizdan keyin buyurtmani bekor qilgan holatda, 100 dan 90 foiz hollarda pul mablag‘lari muammosiz qaytariladi. Ammo ba’zan kechikishlar bo‘lishi mumkin. Uzcard va Humo kartalarida buyurtma bekor qilinganda pul odatda tezroq qaytariladi. Visa va Mastercard kartalarida esa qaytarish jarayoni biroz ko‘proq vaqt olishi mumkin.
Bunday vaziyatda Ozon qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish tavsiya etiladi. Murojaat qilganlarning sharhlariga ko‘ra, ko‘pincha ular pulning sotuvchidan qaytarilgani, lekin sizning bank tomonidan hali qabul qilinmaganini aytishadi. Shu bois, muammoni bank bilan hal qilish zarur bo‘lishi mumkin.
Yetkazib berish
Yetkazib berish muddati rasmiy ma’lumotlarda odatda 12 kun deb ko‘rsatilgan. Ammo, O‘zbekiston uchun bu jarayon ba’zan 1–2 oy yoki undan ham ko‘proq davom etishi mumkin. Bu, yetkazib berish jarayonining kuryerlik kompaniyalariga bog‘liqligi bilan izohlanadi.
Shu sababli, muddatlarning noaniqligi Ozon platformasidan foydalanishni qiyinlashtiruvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Agar buyurtmangizni kechikib olish ehtimoli yoki uning bekor qilinishi sizni bezovta qilsa, platformadan foydalanishdan oldin bu xavflarni diqqat bilan ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
Ilgari yetkazib berish xizmati pullik bo‘lgan, hozirda esa bepul amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Ozon buyurtmalari quyidagi xizmatlar orqali yetkaziladi:
- Rasmiy qabul punktlari orqali: Ilgari faqat Toshkentda mavjud bo‘lgan rasmiy qabul punktlari endilikda O‘zbekistonning deyarli barcha yirik viloyatlarida ochilgan. Bunday punktlarning afzalligi shundaki, xaridorlar buyurtma qilingan kiyim-kechak va boshqa mahsulotlarni shu yerning o‘zida tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Agar yaqin joyda rasmiy punkt bo‘lsa, buyurtmalarni u yerdan olish tezroq va qulayroq. Yaqin kelajakda boshqa hududlarda ham yangi punktlar ochilishi kutilmoqda.
- UZPOST orqali: Mahsulotlar pochta orqali butun Respublika bo‘ylab yetkaziladi.
- BTS Express orqali: Respublikaning ko‘plab hududlarida faoliyat yuritadi va keng qabul punktlari tarmog‘iga ega.
- EMU Express orqali: BTS xizmatiga qaraganda punktlari kamroq bo‘lib, ayrim hududlarda, masalan, Buxoro, Qarshi, Jizzax, Namangan, Xorazm va Farg‘onada xizmat ko‘rsatmaydi.
- Kuryerlik xizmati orqali: Hozirda faqat Toshkent shahrida mavjud. Agar buyurtmangiz uchun kuryerlik yetkazib berish opsiyasi mavjud bo‘lsa, mahsulotni buyurtma qilishda "Kuryerlik yetkazib berish" variantini tanlash mumkin.
Foydalanuvchi tajribalari
Ozon platformasi haqida foydalanuvchilarning fikrlari turlicha:
Ijobiy fikrlar: Platforma keng assortiment, raqobatbardosh narxlar va ba’zi mahsulotlar uchun bepul yetkazib berish imkoniyatlari bilan foydalanuvchilarni o‘ziga jalb qiladi.
Misollar:
- "Kofe qaynatgich buyurtma qildim. Narxlarni Uzum, Wildberries va Ozon bo‘yicha taqqosladim. Hatto yetkazib berish narxini qo‘shganda ham, Ozon arzonroq chiqdi."
- “Bir oy oldin buyurtma berdim, ko‘rsatilgan sanada yetkazib berishdi. BTSning kuryeri ertalab 8:30 da qo‘ng‘iroq qilib, ‘hozir boraman’ dedi. Ko‘chaga chiqdim, u uchta posilkani topshirdi va skan qildi. Hammasi aytilganidek bepul bo‘ldi. Juda xursandman.”
- “BTS orqali buyurtma berganman. Ular bir necha marta muddatni kechiktirishdi, lekin oxiri buyurtmam yetib keldi.”
Salbiy tajribalar: Yetkazib berishning kechikishi, buyurtmalarning butligi bilan bog‘liq muammolar va pulni qaytarishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar ko‘pincha shikoyatlarga sabab bo‘ladi.
Misollar:
- “15-mart kuni buyurtma berdim, 12-aprelga va’da qilingan edi. Keyin muddat noma’lum vaqtga surildi, oxiri buyurtmani bekor qilishga to‘g‘ri keldi.”
- “Mushuk uchun dori buyurtma qildim. Bir oy kutdim, ammo keyin buyurtma umuman yuborilmaganini bildim.”
- “9-fevral kuni kitoblar buyurtma qildim, 4 hafta ichida keladi deb va’da berishdi. Amalda esa 2 oyda yetib keldi.”
- “Menda uchta buyurtmaning ikkitasi bekor qilindi. Faqat bittasiga pul qaytarishdi, qolgan biri esa yetib keldi. Bolam mashina uchun akkumulyator kutgan edi, lekin aynan shuni bekor qilishdi. Juda afsuslandim.”
Bu fikrlar shuni ko‘rsatadiki, Ozon foydalanuvchilari orasida xizmatdan mamnun bo‘lganlar ham, muammolarga duch kelganlar ham bor. Buyurtma berishda ushbu omillarni inobatga olish muhim.
Xulosa
Ozon platformasi O‘zbekistonda mahalliy bozorda topilishi qiyin bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatini taqdim etadi. Keng assortiment va raqobatbardosh narxlar platformaning asosiy afzalliklari hisoblanadi.
Biroq, platformaning ayrim kamchiliklari ham mavjud. Eng ko‘p uchraydigan muammolar yetkazib berish muddatining cho‘zilishi, bojxona jarayonlaridagi noaniqliklar va ba’zi holatlarda mablag‘ni qaytarishdagi kechikishlar bilan bog‘liq. Ayniqsa, xalqaro Visa va Mastercard kartalarida pulni qaytarish jarayoni mahalliy Uzcard va Humo kartalariga qaraganda uzoqroq davom etishi kuzatiladi.
So‘nggi oylarda logistika tizimi sezilarli darajada yaxshilangan. Endilikda rasmiy qabul punktlari O‘zbekistonning deyarli barcha yirik viloyatlarida ochilgan. Bu xaridorlarga buyurtmalarni nafaqat olish, balki mahsulotlarni joyida tekshirish va o‘lchash imkoniyatini taqdim etadi. Shu bilan birga, kuryerlik yetkazib berish xizmati hozirda faqat Toshkentda mavjud bo‘lsa-da, kelajakda boshqa hududlarda ham kengayishi kutilmoqda.
Platforma foydalanuvchilari orasida fikrlar turlicha. Buyurtma qilishdan oldin, yetkazib berish muddati va to‘lov shartlarini diqqat bilan o‘rganish muhim. Hozirda esa Ozon orqali buyurtma berish, asosan, yetkazib berish muddatlariga sabr bilan yondashishga tayyor bo‘lgan xaridorlar uchun mos tanlov.